O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimi HUMO va xalqaro to‘lov platformasi Alipay+ HUMO infratuzilmasi asosida transchegaraviy QR-to‘lovlarni ishga tushirdi. Endilikda Alipay+ tizimiga ulangan xorijiy elektron hamyonlar va bank ilovalari foydalanuvchilari O‘zbekistonda UzQr QR-kodlari orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.
Ushbu xizmatning ishga tushirilishi haqida 28 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Markaziy banki ko‘magida o‘tkazilgan Silk Road Finance & Technology Forum 2026 forumida ma’lum qilindi. Marosimda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev, Ant International prezidenti Yan Pen va HUMO boshqaruv raisi Aleksandr Sotnikov ishtirok etdi.
Xorijiy sayyohlar uchun bu O‘zbekistonda yangi to‘lov vositasini ulashga hojat qolmagan holda, o‘zlari odatda foydalanadigan bank ilovasi yoki elektron hamyon orqali to‘lov qilish imkonini anglatadi. Mahalliy tadbirkorlar esa bunday transchegaraviy to‘lovlarni qabul qilish uchun qo‘shimcha sozlamalarni amalga oshirishlariga hojat qolmaydi.
HUMO va Alipay+ o‘rtasidagi hamkorlik 2025 yil oktabr oyida boshlangan. Birinchi bosqichda HUMO kartalari egalari Alipay+ global ekotizimiga ulangan bank ilovalari orqali xorijda xaridlar uchun to‘lov qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Endilikda mexanizm teskari yo‘nalishda ham ishlay boshladi — Alipay+ tizimiga ulangan xizmatlarning xorijiy foydalanuvchilari O‘zbekistonda HUMO to‘lov infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
"Xalqaro o‘zaro moslik HUMO rivojlanishining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda", — dedi Aleksandr Sotnikov. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimning asosiy vazifasi O‘zbekiston fuqarolarining xorijda ham, mamlakatga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlarning ham zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Ant International kompaniyasida transchegaraviy raqamli to‘lovlarning rivojlanishi turizmning o‘sishiga, biznes uchun yangi imkoniyatlarning kengayishiga hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasini yanada jadallashtirishga xizmat qilishi mumkin, deb hisoblanmoqda.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Alipay+ 2 milliarddan ortiq foydalanuvchi akkauntlarini, 50 dan ziyod raqamli hamyon va bank ilovalarini hamda 220 dan ortiq bozorda 150 milliondan ziyod savdo nuqtalarini birlashtiradi. Ekotizim tarkibiga 10 ta milliy to‘lov tizimi ham kiradi.
HUMO uchun Alipay+ xizmatining ishga tushirilishi milliy to‘lov infratuzilmasining xalqaro integratsiyasidagi yangi bosqich bo‘lib, O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar, shuningdek, mamlakat tashqarisida HUMO xizmatlaridan foydalanadigan o‘zbekistonliklar uchun naqdsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytiradi.