Farmonga koʻra, 2026-yil 1-oktyabrdan:
— soliq organlarida xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol boʻlgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda toʻlanadigan QQS summalarini oʻzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;
— tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati va fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yigʻim va toʻlovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi;
2027-yil 1-yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibini soddalashtirishga qaratilgan quyidagi choralar koʻriladi:
— xavf darajasi past tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilish;
— bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qatʼiy bojxona qiymatini belgilashni taqiqlash;
— bojxona qiymati boʻyicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyotini joriy etish;
— tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilishda rasmiy diller va distribyutorlarning narx maʼlumotlaridan foydalanish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.
2027-yil 1-iyundan jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar boʻyicha yagona bojxona toʻlovi miqdori toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona yigʻimlari miqdoridan kam boʻlgan taqdirda, ushbu yigʻimlar undirilmaydi.