25 yil davomida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlar — a’zolar o‘rtasida xavfsizlik, siyosat, iqtisodiyot, transport, energetika, ta’lim va fan, madaniyat hamda boshqa sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hukumatlararo tuzilmaga aylandi.
Asosiy maqsad, tamoyil va vazifalari SHHTning 2002-yil 7-iyunda imzolangan va 2003-yil 19-sentabrda kuchga kirgan Ustavida belgilangan. Unga ko‘ra, tashkilot a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda shu asosda transport-logistika imkoniyatlarini rivojlantirish, energetik va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik qilish, fan, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ekologiya va turizm yo‘nalishlarida hamkorlik qilish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan.
Yillar davomida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar sonining ortib borishi munosabati bilan qator deklaratsiya va bitimlar qabul qilindi, hamkorlikning tarmoq yo‘nalishlari esa tobora kengayib bormoqda. Tashkilot faoliyatining dastlabki bosqichida a’zo davlatlar xavfsizligi masalalari asosiy yo‘nalish sifatida qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda SHHT faoliyatining muhim yo‘nalishlari qatoriga iqtisodiyot, transport, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va gumanitar hamkorlik ham kiradi.
Tashkilot 2001-yil 15-iyunda Shanxay shahrida tashkil etilgan paytda uning olti nafar a’zosi — Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston bo‘lgan. 2017-yilda Hindiston va Pokiston, 2023-yilda Eron, 2024-yilda esa Belarus tashkilotga qo‘shildi. Natijada a’zo davlatlar soni o‘ntaga yetdi.
Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Yana 15 ta davlat — Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Quvayt, Laos, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Shri-Lanka — o‘tish davri uchun muloqot bo‘yicha hamkor maqomini saqlab qolmoqda. SHHT hamkorining yagona maqomini joriy etish to‘g‘risidagi qaror 2025-yilda qabul qilingan.
O‘zbekiston SHHTning asosiy a’zo davlatlaridan biri hisoblanadi va tashkilotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bilan faol chiqib kelmoqda. Mamlakatimiz ushbu tuzilma doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etib, bir necha bor muhim sammitlarga mezbonlik qilgan.
Xususan, 2004-yil 17-iyunda Toshkentda SHHT Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va uning yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. O‘shanda SHHT kotibiyatini Pekinda, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo‘mitasini esa Toshkentda joylashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
2022-yil 15–16-sentabr kunlari Samarqandda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida SHHT Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammit davomida SHHTning 44 ta hujjati — bitimlar, konsepsiyalar, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Muhim masalalardan biri Eronning SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan siyosiy qarorlarning qabul qilinishi bo‘ldi.
2019-yil 14-iyunda Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida "Yashil belbog‘" dasturini ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu tashabbus resurslardan oqilona foydalanish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, yashil iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish va zamonaviy ekologik texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida tashkilotga a’zo davlatlar mintaqaviy hamkorlik orqali ekologik muammolarni birgalikda hal etishi nazarda tutilgan.
Tashkilot uchun yubiley yili bo‘lgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 31-avgust — 1-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga tashrif buyurmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha SHHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan Bishkek deklaratsiyasi, shuningdek, xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ekologiya, sun’iy intellekt, madaniy-gumanitar almashinuvlar va hamkorlikning boshqa ko‘plab yo‘nalishlarida sheriklikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Zamonaviy geosiyosiy ziddiyatlar, nizolar sonining ortishi, ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishining oqibatlari kuchayib borayotgan bir sharoitda tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan amaliy harakatlar yanada katta ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday sharoitda iqtisodiy va siyosiy hamkorlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, transport-logistika yo‘laklarini ochish va kengaytirish, ta’lim va fan sohasidagi tajriba hamda yutuqlar almashinuvi har qachongidan ham muhimdir. Shubhasiz, kelgusi davr SHHTga a’zo davlatlardan barcha ushbu yo‘nalishlarda yanada faol va amaliy hamkorlikni talab etadi.
Zavqibek Mahmudov,
A. Avloniy nomidagi Milliy pedagogik mahorat instituti dotsenti.