Prezidentimizning shu yil 22-avgustda qabul qilingan farmonlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz besh yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar vakillari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan 27 nafar yurtdoshimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor boʻldi. Shuningdek, turli sohalarning 3 mingdan ortiq vakillari “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyat hokimligida Davlat mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Viloyat hokimi A.Boboyev marosim qatnashchilarini Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz besh yilligi va yuksak mukofotlar bilan tabrikladi.
Qayd etilganidek, bugun viloyatdagi ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari, sanoat, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi izchil oʻsish surʼatlari taʼminlanishida fidoyi va mehnatkash samarqandliklarning hissasi katta. Bunday fidoyilik esa hech qachon eʼtibordan chetda yoki ragʻbatsiz qolmagan. Marosimda davlat mukofotlari va esdalik nishonlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.
— Bugun mustaqilligimizning oʻttiz besh yilligini keng nishonlayapmiz. Bu Davlat mukofoti menga oʻttiz besh yillik tarixni eslatyapti, — deydi Nurobod tumanidagi “Sahoba ota qorakoʻl nasl” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh choʻponi, “Shuhrat medali” sohibi Sayfiddin Mamatov. — Men maktabni aʼlo bahoga bitirib, choʻponlikni tanladim, chunki yoshlar orasida choʻponlikka qiziquvchilar kamayib ketayotgan edi. Men bu kasbni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmayman. Choʻponlikda ham ustoz-shogird anʼanasi bor. Tajribali choʻpon tantana bilan yosh choʻponga tayoq topshiradi. Choʻpon odat yuzasidan choʻpon tayogʻining ustidan hatlab oʻtmaydi. Qoʻy boqishda ham ilm kerak. Chorva faqat goʻshti uchun boqilmaydi, uning terisi va junini ham qayta ishlab, yaxshigina daromad olish mumkin. Davlatimizda bugun ana shu jihatlarga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Mustaqilligimizning oʻtgan har bir yili jonajon Vatanimiz, har bir yurtdoshimiz hayotida oʻz izini qoldirgan, shu davr mobaynida nafaqat mamlakatimiz yangilandi, balki bizning ong-u dunyoqarashimiz ham oʻzgardi, qalbimizda mustaqil Oʻzbekistonning fuqarosiman, degan faxr paydo boʻldi. Men bundan faxrlanaman.