Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish hamda sud protsessiga zamonaviy huquqiy mexanizm va institutlarni joriy qilish orqali xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan odil sudlovga oid strategik maqsadlarni izchil amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. Sud tizimini isloh qilish quyidagi ustunlar asosida amalga oshirilishi belgilansin:
(a) “xalqchil sud” – sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini taʼminlash va jamiyatda sudga boʻlgan mutlaq ishonchni qaror toptirish, sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirish;
(b) “adolat qoʻrgʻoni” – inson huquqlari ustuvorligini soʻzsiz taʼminlaydigan, har qanday taʼsir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash;
(v) “kafolatlangan adolat” – qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini taʼminlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish;
(g) “adolat posbonlari” – xalq xizmatida boʻlgan, yuksak maʼnaviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qatʼiy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirish;
(d) “raqamli odil sudlov” – sud ish yurituvini toʻliq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyatini yaratish;
(j) “xalqaro eʼtirof” – inson huquqlari sohasidagi ilgʻor xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish.
II. Strategiyani tasdiqlash va uni amalga oshirish
2. Quyidagilar:
(a) “Odil sudlov – 2030”: Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) “Odil sudlov – 2030”: Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasini 2026–2028-yillarda amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;
(v) “Odil sudlov – 2030”: Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi doirasida erishiladigan asosiy maqsadlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Odil sudlovga erishish imkoniyatlari va quyi sudlar qarorlarini qayta koʻrib chiqishda xolislik darajasini yanada oshirish
3. Sud qarorlarini qayta koʻrib chiqishning xolisligi va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan boshlab jami 319 ta boshqaruv xodimlari shtat birligidan iborat umumyurisdiksiya va maʼmuriy sud yoʻnalishlarida ishlarni qayta koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan, yurisdiksiya hududi bir nechta maʼmuriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilsin. Bunda:
(a) 227 ta boshqaruv xodimlari shtat birliklari sudlarning amaldagi shtat birliklari doirasida shakllantiriladi;
(b) qoʻshimcha 92 ta boshqaruv xodimlari shtat birliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-iyundagi PF–105-son Farmoniga muvofiq 2026-yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining qisqartirilgan shtat birliklari hisobidan ajratiladi.
4. Oliy sud 2026-yil yakuniga qadar belgilangan tartibda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini kiritsin:
(a) hududlararo sudlarga viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlarni taftish tartibida, mazkur sudlar tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish vakolatini berish;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining ishlarni taftish instansiyasida koʻrish vakolatini hamda oʻzlari tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish vakolatini tugatish;
(v) hududlararo sudlarda taftish tartibida koʻrilgan ishlarni Oliy sudda qayta koʻrish tartibini belgilash.
5. Oliy sud Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini oʻz vaqtida tiklash maqsadida 2027-yil 1-aprelga qadar ilgʻor xorijiy tajriba va huquqni qoʻllash amaliyoti tahlilidan kelib chiqqan holda Oliy sudda qayta koʻriladigan ishlar mezonlarini belgilash yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritsin.
6. Oliy sudning fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga sud himoyasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 2027–2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarini sud tizimining mavjud shtat birliklari doirasida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda aholi soni, sudga kelib tushayotgan ishlar hajmi va dinamikasi, sudyalarning ish yuklamasi, hududiy xususiyatlar hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari inobatga olinadi.
7. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda hududlarda fuqarolik ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etib, ularning tuzilmasini tasdiqlasin.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Oliy sud bilan kelishilgan holda mazkur Farmonga muvofiq tashkil etilayotgan hududlararo sudlar va fuqarolik ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarini joylashtirish choralarini koʻrib borsin.
IV. Jinoyat protsessining sudga qadar ish yuritish bosqichida sud nazoratini kuchaytirish
9. Oliy sud va Bosh prokuraturaning 2027-yil 1-iyuldan boshlab “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qoʻllash (sanksiya berish) toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi, gumon qilish yoki ayblov eʼlon qilish uchun asoslar yetarliligini, shubha tugʻilgan taqdirda, tergov sirini taʼminlagan holda qoʻshimcha hujjatlar talab qilish yoʻli bilan tekshirish vakolatlarini berish haqidagi taklifi maʼqullansin.
10. Quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan qonun loyihalari uch oy muddatda kiritilsin:
(a) Oliy sud tomonidan Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda – mazkur Farmon 9-bandida nazarda tutilgan vakolatlarni tergov sudyalariga berish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda – “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunda shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklash bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazishga sanksiya sudlar tomonidan berilishini belgilash.
11. Quyidagilar:
(a) Adliya vazirligi Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2027-yil 1-aprelga qadar yangi tahrirdagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks loyihasini ishlab chiqish doirasida ilgʻor xorijiy tajriba asosida ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish vakolatlarini maʼmuriy organlarga oʻtkazish;
(b) Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2027-yil 1-iyunga qadar tergov sudyalarining amaldagi ish yuklamasi va yangi berilayotgan vakolatlardan kelib chiqib, ularning shtat birliklarini qayta koʻrib chiqish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
V. Yagona sud amaliyotini shakllantirish hamda sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligini oshirish
12. Odil sudlov sifatini yaxshilash va mamlakatda qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha yagona sud amaliyotiga erishish maqsadida Oliy sud:
(a) 2027-yil 1-avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini belgilangan tartibda ochiq eʼlon qilish va yangilab borish amaliyotini (“Pretsedentlar” reyestri) joriy etsin;
(b) yagona sud amaliyotini shakllantirish jarayoniga ilmiy doiralar, malakali mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etish maqsadida jamoatchilik asosidagi ekspertlar kengashlarini tashkil etish choralarini koʻrib borsin;
(v) uch oy muddatda ekspertlar kengashlarini tashkil etish tartibini belgilasin.
13. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2027-yil 1-martga qadar sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida shaffoflikni oshirish, ularning faoliyatiga oid axborotni qonunga muvofiq erkin olishni taʼminlash maqsadida sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasini kiritsin.
14. Oliy sudning sudlarga murojaat qilgan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy standartlar asosida qulayliklar yaratish, sudlar faoliyatida byurokratiyani kamaytirish va ochiqlikni taʼminlash maqsadida sud binolarining kirish qismida 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish ofislari faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
15. Belgilansinki, sudlarning “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish ofislari tomonidan aholiga zarur axborotlarni bir joyning oʻzida taqdim etish, protsessual murojaatlar yuzasidan tashkiliy yordam koʻrsatish, murojaatlarni tezkor qabul qilish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy koʻmaklashish choralari koʻriladi.
16. Oliy sud Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar sudlarga murojaat qilishda qoʻshimcha imkoniyat va qulayliklarni yaratish maqsadida Oliy sudning interaktiv xizmatlar portalini (my.sud.uz) quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirish choralarini koʻrsin:
(a) portalning yangilangan mobil ilovasini ishga tushirish;
(b) portalda “Sudga murojaat namunalari” interaktiv xizmatini takomillashtirish. Bunda daʼvo arizalari va boshqa hujjatlarni tayyorlash orqali sudga murojaat qilishni osonlashtirish;
(v) jismoniy va yuridik shaxslar soʻroviga koʻra sud hujjatlarini interaktiv tarzda izlash imkoniyatini kengaytirish.
VI. “Sudning faol ishtiroki” tamoyilini qoʻllash doirasini kengaytirish orqali sudga murojaat qilishda qulayliklar yaratish
17. Iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish, tadbirkorlik subyektlari va investorlarning vaqti hamda xarajatlarini tejash maqsadida 2028-yil 1-yanvardan boshlab sudyaga ishlarni koʻrish jarayonida juzʼiy (formal) kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish majburiyatini yuklashni nazarda tutuvchi “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” (Proactive Case Management) standarti joriy etilsin.
18. Oliy sudning “yagona darcha” tamoyili asosida daʼvo arizasini (arizani) qaytarish institutini isloh qilish orqali sudga murojaat qilishni soddalashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:
(a) fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritishda arizani qaytarishning “ish mazkur sudning sudloviga tegishli boʻlmasligi” asosini bekor qilish va arizani shu sudning oʻzi tomonidan tegishliligi boʻyicha boshqa sudga oʻtkazish;
(b) juzʼiy (formal) talablarga rioya etmasdan berilgan daʼvo arizasini (arizani) qabul qilgan holda kamchiliklarni sudning faol koʻmagi yordamida bartaraf etish tartibini joriy etish.
VII. Sudyalarni odil sudlov bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalardan ozod etish
19. Oliy sud va Sudyalar oliy kengashining 2028-yil 1-yanvardan boshlab xalqaro standartlar asosida sudyalar mustaqilligini taʼminlash va ularni odil sudlovga daxldor boʻlmagan vazifalardan ozod etish maqsadida quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) sud maʼmurchiligi (Court Administration) institutini joriy etish;
(b) sudyalar faoliyatini tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy va axborot-tahlil jihatidan taʼminlash hamda raqamlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, sud apparati xodimlari bilan ishlash uchun masʼul boʻlgan sud maʼmuriyatini tashkil etish;
(v) sudlarda boshqaruv lavozimlarini maqbullashtirish va ortiqcha boʻgʻinlarni qisqartirish.
20. Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi:
(a) 2027-yil 1-aprelga qadar mazkur Farmonning 18-bandida nazarda tutilgan takliflarni;
(b) 2027-yil noyabrga qadar sud maʼmurchiligi boʻyicha ilgʻor xorijiy amaliyotni joylarga chiqqan holda oʻrganish asosida mazkur Farmonning 19-bandida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritsin.
VIII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
21. Oliy sud va Oliy Majlis palatalarining sud amaliyotini umumlashtirish asosida qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotidagi tizimli muammolarni aniqlash va ularning yechimi boʻyicha takliflarni har yili tegishliligi boʻyicha Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
22. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish natijalari asosida odil sudlov sifatini baholash indikatorlari tizimini ishlab chiqish va har yili Oʻzbekistonda odil sudlov sifati indeksini eʼlon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar kiritsin.
23. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmon mazmun-mohiyatini keng yoritib borish boʻyicha mediarejani tasdiqlab, uning samarali amalga oshirilishini taʼminlasin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oliy sud raisi R.A. Maxmudova va Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov belgilansin.
26. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev