Farg‘onada xitoylik investor 20 million dollarlik sanoat loyihasi amalga oshiriladi

13.08.2026 18:00 IPAK YO‘LI 3440 ipaknews.uz

Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida qiymati qariyb 20 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xitoylik investor metall konstruksiyalarni qayta ishlash, shuningdek, profnastil va sendvich panellar ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investor Yan Tsuychjun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Bag‘dod tumanidagi sanoat loyihasini tayyorlash jarayoni hamda investitsiyaviy hamkorlikning keyingi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Loyihani amalga oshirish uchun investor tomonidan GRANDHUNT 1688 xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ishlab chiqarish quvvatlarini Bag‘dod tumanidagi iqtisodiy zona hududida, 5 gektar maydonda joylashtirish rejalashtirilmoqda.

Investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 20 million dollarni tashkil etadi. Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Ajratilgan hududda ikkita zamonaviy ishlab chiqarish korxonasini qurish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqich doirasida texnologik uskunalarni yetkazib berish ishlari allaqachon boshlangan. Shu bilan birga, metall konstruksiyalar va sendvich panellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ikkinchi bosqichda esa to‘liq quvvat bilan ishlaydigan zamonaviy zavodlarni qurish rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida investor faoliyati va loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Xayrullo Bozorov viloyat hokimligi investorga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.