Senator MIB xodimlari uchun maxsus oʻquv kursida maʼruza bilan ishtirok etdi

13.08.2026 17:00 O'zbekiston 4049 ipaknews.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Majburiy ijro byurosi tizimi rahbar xodimlari uchun navbatdagi maxsus oʻquv kursi oʻtkazildi.

Maxsus kurs MIB xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, aholi bilan samarali muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlash koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratildi.

Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov “Fuqarolar bilan ishlashda muomala madaniyati, psixologik barqarorlik va samarali kommunikatsiya usullarini rivojlantirish” mavzusida maʼruza qildi.

Taʼkidlanganidek, MIB xodimlari fuqarolar bilan bevosita muloqot qiladi. Shu bois ularning muomala madaniyati, murojaatlarni tinglash va tushuntirish mahorati aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Mashgʻulot davomida joriy yilning dastlabki besh oyida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari hamda Senatga kelib tushgan murojaatlarning statistik tahlili taqdim etildi. Qayd etilganidek, 385 mingdan ortiq murojaatning 41 mingdan ziyodi aliment undirish, qarzdorlikni bartaraf etish va ijro ishi yuritish masalalariga taalluqli.

Shuningdek, davlat xizmatchilarining muomala madaniyatiga oid shikoyatlarning 1 452 tasi MIB xodimlari faoliyatiga daxldor ekani va takroriy murojaatlar koʻrsatkichining yuqoriligi sohada aholi bilan ishlashni yanada takomillashtirish zarurligini koʻrsatishi taʼkidlandi.

Maʼruzachi nizoli vaziyatlarda emotsional barqarorlikni saqlash, fuqaroni diqqat bilan tinglash, “pauza” usulidan foydalanish hamda murakkab huquqiy normalarni sodda va tushunarli tilda tushuntirish boʻyicha amaliy tavsiyalar berdi.

Xususan, MIB xodimi faoliyati halollik va korrupsiyaga murosasizlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar, kommunikativ professionallik hamda masalalarni tezkor va xolis hal etish mezonlariga asoslanishi lozimligini taʼkidlandi.

Mashgʻulot yakunida tinglovchilar bilan kasbiy stressni yengish va nizoli vaziyatlarni ijobiy hal qilish boʻyicha amaliy savol-javoblar ham oʻtkazildi.