Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan Oʻzbekistonga olib kirilgan yirik miqdordagi sintetik narkotik moddalar aniqlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazgan.
Xususan, “Bangkok – Toshkent” yoʻnalishida parvoz qilgan, 2004-yilda Jizzax viloyatida va 1993-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan ikki nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan oʻtkazilgan.
Tekshiruv davomida ularning yuklari ichidan shisha va alyuminiy idishlarga qadoqlanib, yashirilgan 4,6 kilogramm “Mefedron” sintetik narkotik moddasi aniqlangan.
Shuningdek, gumonlanuvchilarning poytaxtdagi yashash manzili koʻzdan kechirilganda 1,5 litr gashish moyi hamda 8 litr erituvchi vositalar topilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlar davom ettirilib, xorijdan olib kelingan narkotik moddalarni Toshkent shahrida qabul qilib olayotgan vaqtda 1997-yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan yana bir shaxs ham ushlangan. Undan 635 gramm “Alfa-PVP” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda ushbu narkosavdogarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.