Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda “M.O.” fermer xoʻjaligi rahbari F.S. “Yangi Hayot” MFY hududidagi va “T.A.” dehqon xoʻjaligi rahbari T.A. “Xos” MFY hududidagi yer maydonlarida suv nasoslarini elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 2,1 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Nurafshon shahrida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “T.Y.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar 37 ta koʻp qavatli uylardagi lift, nasos va yoritgichlarni elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 1,6 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari maʼlum boʻlgan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Piskent tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham aniqlangan.
Unda fuqaro I.K. “Zominovul” MFY hududidagi yer maydonida suv nasosini elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 425,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi fosh qilingan.
Shuningdek, fuqarolar X.Sh. va A.A. Toʻraqoʻrgʻon tumani, “Yandama” MFY hududidagi dala shiyponida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan ulanib, 282,8 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Bundan tashqari, Departamentning Nurota tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.T. “Yangihayot” MFY hududidagi xonadonida elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 143,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.