Qashqadaryoda 856 nafar talabaning qarib 3,8 mlrd soʻmlik kontrakt mablagʻlari toʻlab beriladi

13.08.2026 15:20 O'zbekiston 3561 ipaknews.uz

Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining oliy taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliy choralar koʻrilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Xususan, viloyat hokimi Murotjon Azimovning tegishli qaroriga asosan hududdagi 856 nafar talaba-yoshlarning oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishi uchun qariyb 3 milliard 780 million 600 ming soʻm miqdoridagi kontrakt mablagʻlari ajratildi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu mablagʻlar taʼlim olish istagida boʻlgan, ammo oilaviy sharoiti tufayli kontrakt mablagʻlarini toʻlashda qiyinchilikka duch kelayotgan yoshlarni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur tashabbus xotin-qizlarning oliy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bilim va kasbiy salohiyatini oshirish hamda yoshlarning kelajakka ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.