Endilikda tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnomani “my.gov.uz” orqali onlayn yuklab olish mumkin

13.08.2026 15:19 O'zbekiston 1962 ipaknews.uz

Endilikda chaqaloqning tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani “my.gov.uz” orqali uydan chiqmay, onlayn yuklab olish mumkin.

Mazkur qulaylik Vazirlar Mahkamasining 550-son qaroriga muvofiq, 2023-yildan tugʻilganlikni qayd etish kompleks davlat xizmati sifatida yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu elektron maʼlumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtirilgan va toʻla qonuniy kuchga ega boʻladi.

Tugʻruqxona maʼlumotlarni avtomatik ravishda FHDY boʻlimiga yuboradi va hujjat shakllanadi. Farzand tugʻilganligi FHDYda qayd etilishi bilan onaning “my.gov.uz”dagi shaxsiy kabinetiga elektron xabarnoma boradi.

Hujjatni olish tartibi:

  • “my.gov.uz” portali yoki “MyGov” ilovasiga kiring (OneID orqali);

  • “Maʼlumotnomalar” boʻlimiga oʻting;

  • “Tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma” xizmatini tanlang va tayyor hujjatni saqlab oling.

Xizmat uchun toʻlov undirilmaydi. Maʼlumotnoma yoʻqolsa yoki shikastlansa, uni qayta tiklash uchun FHDY yoki tugʻruqxonaga borib yurish shart emas, portal orqali istalgan vaqtda qayta yuklab olish mumkin. Ushbu onlayn xizmat 2023-yil va undan keyin tugʻilgan bolalar uchun amal qiladi.