Buning natijasida dastlabki bosqichda olcha danagini qayta ishlash loyihasi oʻzlashtirildi. Yaqin vaqt ichida esa oʻrik va shaftoli kabi mevalar danagini ham qayta ishlash hamda mazkur faoliyat orqali yil mobaynida daromad olish imkoniyatini yaratish maqsad qilingan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Istiqbolli loyihaning umumiy qiymati 600 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Jahon andozalari darajasida biznes yuritish uchun korxonaga Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiya va uskunalar olib kelib oʻrnatildi.
— Sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo 100 foiz mahalliy bogʻlar, bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xoʻjaliklari hisobidan shakllanadi, — deydi tadbirkor Dilmurod Akbaraliyev. — Ayni paytda tumanda qariyb 7,5 ming gektar mevali bogʻlar mavjud boʻlib, bu xomashyo masalasida aslo muammo boʻlmasligini anglatadi.
Eʼtiborlisi, qayta ishlangan mahsulotlar asosan kosmetika va farmatsevtika sanoatida qoʻllaniladi. Oʻzaro kelishuvga koʻra, bugungi kunda korxona mahsulotlari Xitoy va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Yaqin istiqbolda korxonada shaftoli danagidan yoqilgʻi briketlari tayyorlash ham rejalashtirilmoqda. Muqobil va arzon yoqilgʻi ichki bozor ehtiyoji uchun qulay mahsulotga aylanishi eʼtirof etilyapti. Shuningdek, qoʻshni mamlakatlarga ham eksport qilish nazarda tutilgan.
Oʻz navbatida, ushbu loyiha mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratish imkonini berishi bilan ham ahamiyatli. Demak, mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni jadal rivojlantirish hamda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish juda muhim.
Korxonaning eksport salohiyatini yanada oshirish esa hududda yuqori daromadli yangi ish oʻrinlari yaratish hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qilishi bilan ham eʼtiborga molik.