Andijon Xitoyning Xaykou shahri bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi

09.08.2026 14:55 IPAK YO‘LI 2101 ipaknews.uz

Andijon va Xitoyning Xaykou shahri doʻstona hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi koʻmagida Andijon shahar hokimligi va Xaykou maʼmuriyati vakillari ishtirokida onlayn-uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Onlayn-uchrashuv davomida ikki shahar oʻrtasida doʻstona hamkorlik aloqalarini oʻrnatish toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Andijon vakillari Xaykou kompaniyalari va tashkilotlarining ishlab chiqarish tajribasini joriy etishga, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar oʻzaro biznes-missiyalarni tashkil etish va qoʻshma tadbirlarda ishtirok etish orqali ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.