O‘zbekiston “Samarqand-2028” giperspektral sun’iy yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli chiqardi

05.08.2026 15:48 IPAK YO‘LI 3029 ipaknews.uz

5-avgust, chorshanba kuni Xitoyning Shandun provinsiyasida “Samarqand-2028” giperspektral sun’iy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli tarzda orbitaga chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Uchirish Xitoyning Star.Vision kompaniyasi tomonidan Shandun provinsiyasi sohillari yaqinidagi dengiz start platformasidan amalga oshirildi. O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshi bilan birga Indoneziyaning Lampung-1 sun’iy yo‘ldoshi ham orbitaga chiqarildi.

“O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassislari sun’iy yo‘ldosh bortiga o‘rnatilgan sun’iy intellekt asosidagi aqlli modulni ishlab chiqishda ishtirok etdi. Ushbu modul giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini berib, axborotni olish tezligi va samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Giperspektral sun’iy yo‘ldosh Yer yuzasini yuzlab spektr diapazonlarida tasvirga olishi mumkin. Bu esa oddiy kameralar yoki inson ko‘zi ilg‘ay olmaydigan ma’lumotlarni qayd etish imkonini beradi.

Sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan ma’lumotlar quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llaniladi:

  • qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini monitoring qilish;
  • foydali qazilmalarni aniqlash;
  • o‘rmonlar va suv resurslarini kuzatish;
  • ekologik monitoring;
  • tabiiy ofatlar oqibatlarini baholash;
  • hududlarning yanada aniq raqamli xaritalarini yaratish.

Star.Vision — Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlari, sun’iy intellekt texnologiyalari va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qayta ishlash platformalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan Xitoy aerokosmik kompaniyasidir.

Kompaniya optik, radiolokatsion va giperspektral sun’iy yo‘ldoshlarni yaratadi, o‘zining orbital guruhini rivojlantiradi hamda ma’lumotlarni kosmik apparatning o‘zida qayta ishlash texnologiyalarini qo‘llaydi.

Star.Vision ishlanmalari qishloq xo‘jaligi, ekologik nazorat, tabiiy resurslar monitoringi, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, shaharsozlik hamda Xitoyning Oyni tadqiq etish dasturiga oid loyihalarda keng qo‘llanilmoqda.