China Daily xabariga ko‘ra, AQShning Pew Research Center sotsiologik markazi tomonidan yaqinda e’lon qilingan yangi tadqiqot natijalari dunyoning ko‘plab mamlakatlari va hududlarida Xitoyga nisbatan ijobiy munosabat sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi. Xalqaro hamjamiyatning Xitoyga nisbatan iliq munosabati ortishining asosiy omillari sifatida mamlakatning ochiqlik siyosatiga sodiqligi, boshqa davlatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishi hamda barcha ishtirokchilarga o‘zaro manfaat keltiradigan keng ko‘lamli transchegaraviy hamkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan.
Pew Research Center rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovnoma 8-fevraldan 13-mayga qadar dunyoning 36 mamlakati va hududidan 42 151 nafar voyaga yetgan respondent o‘rtasida anketa usulida o‘tkazilgan. Tadqiqotda ishtirok etgan davlatlarning aksariyatida Xitoyga ijobiy baho bergan respondentlar ulushi AQShga ijobiy munosabat bildirganlar ulushidan yuqori bo‘lgan.
The Washington Post gazetasining yozishicha, bugungi kunda Xitoyga munosabat AQShnikidan yaxshiroq bo‘lgan davlatlar qatoriga Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya va Germaniya kabi Vashingtonning an’anaviy ittifoqchilari ham kirgan. Holbuki, bundan bir yil avval ushbu mamlakatlarning har birida AQShga nisbatan ijobiy munosabat Xitoynikidan yuqori yoki unga teng darajada edi.
Associated Press agentligining xabar berishicha, tadqiqot mualliflaridan biri, Pew Research Center’ning global jamoatchilik fikrini o‘rganish dasturi direktorining o‘rinbosari Laura Silver qariyb yigirma yillik kuzatuvlar davomida ilk bor Xitoyga nisbatan umumiy ijobiy munosabat darajasi AQShnikidan yuqori bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘plab mamlakat va hududlarda AQShga berilgan baho tarixdagi eng past darajaga tushdi yoki shunga yaqinlashdi».
Associated Press fikricha, bunday tendensiya qisman AQSh va uning ittifoqchilari o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashgani bilan bog‘liq. O‘z navbatida, BBC Carnegie China ilmiy markazining mustaqil tadqiqotchisi Chong Ja Ianning quyidagi fikrini keltirgan:
«AQSh siyosatining oldindan aytib bo‘lmasligi, jumladan, harbiy kuchdan foydalanish va buning oqibatida yuzaga kelayotgan iqtisodiy yo‘qotishlar ko‘plab odamlarda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda».
So‘nggi yillarda shunga o‘xshash tadqiqotlar boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan ham o‘tkazilgan. BBC ma’lumotiga ko‘ra, AQShning Gallup sotsiologik xizmati o‘tgan yilning o‘zidayoq Xitoyning xalqaro ma’qullanish darajasi AQShnikidan oshganini qayd etgan. Ular o‘rtasidagi farq esa so‘nggi yigirma yildagi eng katta ko‘rsatkich bo‘lgan.
AQSh shaharlarida o‘tkazilgan so‘rovlar davomida ayrim fuqarolar ham o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, respondent Juliya Epplbra u muloqot qilgan barcha xitoyliklar mehnatsevar va yuqori saviyali ta’limga ega ekanini aytdi. Uning fikricha, AQSh hukumatining hozirgi siyosati dunyo bo‘ylab iste’dodlarni jalb etish maqsadiga zid bo‘lib, uzoq muddatda eng avvalo AQShning o‘ziga zarar yetkazadi.
Bundan tashqari, Bloomberg agentligi tadqiqot tashqi siyosat masalalarini ham qamrab olganini qayd etdi. Natijalarga ko‘ra, o‘rta daromadli 17 mamlakat respondentlari AQShdan ko‘ra Xitoyga nisbatan kamroq xavotir bildirgan. Ushbu davlatlarda ishtirokchilarning ko‘pchiligi Xitoyni «ishonchli hamkor» deb hisoblaydi. Shuningdek, Xitoyning dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi hissasini «katta» yoki «ancha katta» deb baholaganlar ulushi AQSh bo‘yicha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan.
Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va global strategiya instituti ilmiy xodimi Sun Sihueyning ta’kidlashicha, Xitoy boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga doimo amal qilib kelmoqda. Uning fikricha, aynan Xitoy tashqi siyosatining izchilligi va barqarorligi butun dunyoda Xitoyga nisbatan ijobiy munosabatning muntazam o‘sishiga asosiy omil bo‘lmoqda.
Mutaxassisning qayd etishicha, o‘rta daromadli mamlakat va hududlarning Xitoyga nisbatan yuqori ishonchi, avvalo, Xitoyning rivojlanish modeli bilan bog‘liq.
«Bu mamlakat va hududlar iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan sifatli va hamyonbop mahsulotlarga katta ehtiyoj sezadi. Xitoy esa ushbu talabni to‘liq qondira oladi. Bu esa mazkur davlatlar, Xitoy mahsulotlari va Xitoy bozori o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda», — dedi ekspert.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy va Lotin Amerikasi mamlakatlari ko‘p yillardan buyon barqaror hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, u allaqachon ko‘plab amaliy natijalarni bergan.
«Xitoy bilan barqaror va oldindan bashorat qilinadigan hamkorlik Lotin Amerikasi mamlakatlari aholisi farovonligini oshirish hamda mintaqaviy taraqqiyotni rag‘batlantirishga haqiqatan ham xizmat qilmoqda. Ehtimol, aynan shu sababli ushbu mamlakatlar aholisi Xitoyga tobora ijobiyroq munosabat bildirmoqda», — deya xulosa qildi u.