Uzoq masofaga mo‘ljallangan diplomatiya

16.05.2026 13:22 NUQTAYI NAZAR 2126 ipaknews.uz

Xitoy eng qadimiy diplomatik an’analarga ega bo‘lib, ular muzokaralar olib borish uchun mukammal asos vazifasini bajaradi. Ehtimol, aynan shu jihat 13–15-may kunlari AQSH prezidenti Donald Trampning Pekinga amalga oshirgan rasmiy tashrifini tahlil qilishda eng muhim omil hisoblanadi.

Agar ortingda ming yilliklar bilan o‘lchanadigan diplomatik an’ana turgan bo‘lsa, seni hayratda qoldira oladigan vaziyatni tasavvur qilish qiyin. Yoki mutlaqo oldindan aytib bo‘lmaydigan suhbatdoshni.

Xitoy diplomatiyasi tarixiga Chjan Syanning missiyalari kirgan bo‘lib, u amalda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi quruqlik aloqalarini ochgan edi. Tan sulolasi davridagi rohib Syuan Szanning sayohatlari intellektual va madaniy almashinuv ramziga aylangan. Min sulolasi davridagi admiral Chjen Xening dengiz ekspeditsiyalari esa hozirgacha xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishning namunasi sifatida qaraladi.

Aytgancha, Chjen Xening so‘nggi — yettinchi ekspeditsiyasi 1430-yillarda yakunlangan. Oradan qariyb 60 yil o‘tgachgina Xristofor Kolumb Amerika qit’asiga yetib boradi. Tarixning kinoyasi shundaki, Xitoy o‘sha davrdayoq okeanlar orqali tashqi aloqalarni olib borgan, biroq mustamlakachilik yo‘lidan ko‘ra savdo va almashinuv modelini afzal ko‘rgan.

Shu sababli boshidanoq Trampning Xitoydagi muzokaralari Oq uy egasi odatlangan ssenariy bo‘yicha rivojlanmasligi borasida katta shubha yo‘q edi.

Tramp — tezkor qarorlar siyosatchisi. Uning siyosiy uslubi anchadan buyon yirik девелопернинг ishbilarmonlik muzokaralari amaliyotini eslatadi: tezkor bosim, stavkalarni oshirish, shoshilinchlik hissini yaratish va yakunda “kelishuv yoki muvaffaqiyatsizlik” tamoyili.

Bunday yondashuv biznesda ko‘pincha ishlaydi. Ba’zida — siyosatda ham. Ammo Pekin — Manhettendagi ko‘chmas mulk bozori emas.

Bu yerda an’anaviy ravishda uzoq sikllar, tarixiy oqibatlar haqida o‘ylashadi, natijaning barqarorligi va munosabatlarning uzoq muddatli arxitekturasiga tayanishadi. Bu ayniqsa yetakchilarning muloqoti davomida, avvalo tashrifning norasmiy qismida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Eng ramziy epizodlardan biri Si Szinpin va Donald Trampning Osmon ibodatxonasiga birgalikdagi tashrifi bo‘ldi. 600 yildan ortiq avval qurilgan ushbu inshoot Xitoyning dunyo tuzilishi haqidagi an’anaviy qarashlari — “yumaloq osmon va kvadrat yer”, inson, davlat va atrof-muhit uyg‘unligi g‘oyasining timsoli hisoblanadi.

Xitoy rahbari amerikalik hamkasbiga Xitoyning dunyoqarashi, uyg‘unlik tushunchasi va tabiiy jarayonlarga hurmat haqida so‘zlab berdi. Tramp esa ancha taassurotlangan ko‘rindi. U Osmon ibodatxonasining ulug‘vorligi va asrlar davomida o‘z madaniy merosini saqlab qolgan Xitoy sivilizatsiyasining chuqurligini alohida ta’kidladi.

Bu yerda Pekinning o‘ziga xos diplomatik nozikligi namoyon bo‘ladi. Tariflar, sanksiyalar va savdo balansidagi nomutanosiblik haqida bahslashish o‘rniga, AQSH prezidentiga bir necha soat davomida tezkor manfaat mantig‘idan chiqib, dunyoga vaqt prizmasi orqali qarash taklif qilindi.

Bu buyuk davlatlar qarorlari kamdan-kam hollarda bir siyosiy muddat doirasida o‘lchanishi va tarix uzoq yillarni oldindan ko‘ra oladiganlarga ko‘proq xayrixoh bo‘lishi haqidagi aniq signal edi.

Albatta, Xitoy va AQSH strategik raqib bo‘lib qolmoqda, chunki to‘plangan qarama-qarshiliklar juda jiddiy va ularni bir necha kunlik muzokaralar orqali bartaraf etib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, global beqarorlik, mojarolar va kuchayib borayotgan tanglik fonida Pekin Vashingtonni munosabatlar bashorat qilinishi mumkinligi haqidagi suhbatga qaytarishga urindi. So‘nggi yillardagi ishonchsizlik fonida yanada konstruktiv va barqaror munosabatlar haqidagi muloqotning o‘ziyoq sezilarli siljish sifatida ko‘rinmoqda.

Yondashuvlar namoyishi ham bundan kam ahamiyatli bo‘lmadi. Xitoy hanuz uzoq masofaga mo‘ljallangan strategiyani afzal ko‘rishini ko‘rsatdi. Donald Tramp esa ushbu ramziylik bilan to‘qnashar ekan, tezkor qarorlar mantig‘idan chiqib, sodir bo‘layotgan voqealarga uzoq muddatli istiqboldan qarash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Oxir-oqibat, bu dunyodagi barcha narsalar o‘tkinchi. Osmon ibodatxonasi esa olti asrdirki qad rostlab turibdi va tarixda eng balandparvoz qarorlar emas, balki eng uzoqni ko‘ra bilgan qarorlar qolishini eslatib turmoqda.