Ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashda parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi

30.07.2026 16:00 O'zbekiston 3738 ipaknews.uz

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashda parlamentning ishtirok etishi, senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlarining nazorat faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari tomonidan energetika sohasini rivojlantirish va mahallalar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda parlament nazoratining mavjud mexanizmlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shu bois senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlari joylardagi muammolarni tizimli oʻrganishi, ularni bartaraf etish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida amaliy choralar koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.

Parlamentning asosiy vazifasi ijro hokimiyati faoliyati ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, davlat dasturlari va qabul qilingan qarorlarning hududlardagi ijrosini tahlil qilish, aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi boʻyicha asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Uchrashuvda yoqilgʻi-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, elektr va gaz taʼminoti barqarorligini taʼminlash, energiya yoʻqotishlarini qisqartirish, hisobga olish tizimidagi muammolarni bartaraf etish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu sohada amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlarga qaramasdan, elektr taʼminotidagi uzilishlar, avariyalar sonining ortishi, energiya yoʻqotishlari va hisoblagichlar bilan bogʻliq muammolar aholi hamda tadbirkorlarning asosli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan har bir senator va mahalliy Kengash deputatiga bir hafta muddatda oʻz saylov okrugidagi energetika sohasidagi holatni joyiga chiqqan holda oʻrganish, aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazish, aniqlangan muammolarni masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda ularning ijrosini doimiy nazorat qilib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Senat qoʻmitalari zimmasiga mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda hududlarda oʻrganishlar tashkil etish, tizimli muammolarni sayyor majlislarda muhokama qilish va respublika darajasida hal etilishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan tegishli takliflar kiritish vazifalari yuklatildi.

Shuningdek, elektr va gaz taʼminoti barqarorligini taʼminlash, energiya yoʻqotishlarini qisqartirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tashkil etish, zarur zaxiralarni shakllantirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash masalalarini doimiy parlament va deputatlik nazoratida ushlab turish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda mahallalarda aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, mikroloyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish hamda davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish boʻyicha vazifalar ham koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, mahallalarda yaratilgan huquqiy, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlarning samarasi, eng avvalo, joylardagi rahbarlarning faoliyati, oʻzaro hamkorligi va shaxsiy masʼuliyatiga bogʻliq.

Shu munosabat bilan senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlariga oʻz saylov okruglaridagi "mahalla yettiligi" bilan tizimli hamkorlik qilish, mahallalarda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda aholini qiynayotgan muammolarni masʼul idoralar bilan hamkorlikda hal etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida mahallalarni obodonlashtirish, xavfsiz va ozoda muhit yaratish ishlariga aholini keng jalb etish muhim vazifalardan biri ekani alohida taʼkidlandi.

Muhokama yakunida Prezident tomonidan belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash, parlament va deputatlik nazorati samaradorligini yanada oshirish, mahalliy Kengashlarning nazorat vakolatlaridan toʻliq foydalanish hamda aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash boʻyicha aniq yoʻnalishlar belgilab olindi.