Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi

30.07.2026 18:00 O'zbekiston 2998 ipaknews.uz

Raqobat qoʻmitasi tomonidan koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish sohasida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi. 

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 27-maydagi PQ–4732-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, ulush kiritish asosida qurilish uchun mablagʻ jalb etuvchi quruvchilar qurilish obyektlarini vakolatli elektron roʻyxatga kiritmasdan turib reklama qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻrganishlar davomida “Elita Stroy Building” MCHJ hamda “Glamur Gold” MCHJning qurilish majmualari belgilangan elektron roʻyxatga kiritilmagan boʻlishiga qaramasdan, mazkur turar joy majmualari ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilingani aniqlangan.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni 16-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonun bilan taqiqlangan, shuningdek, tegishli ruxsatnoma, litsenziya yoki boshqa majburiy hujjatlar mavjud boʻlmagan tovar va xizmatlarni reklama qilish mumkin emas.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Raqobat qoʻmitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Elita Stroy Building” MCHJ va “Glamur Gold” MCHJ qonun talablarini buzgan deb topildi hamda ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, mazkur qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan kompaniyalarga tegishli koʻrsatmalar berilgan.