Kadastr nazorati qonuniylik va mulkiy huquqlar kafolatidir

29.07.2026 18:00 O'zbekiston 2718 ipaknews.uz

Bu borada Andijon viloyatida 2026-yilning birinchi yarim yilligida 1 699 ta yer qonunchiligi buzilishi holati aniqlandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Ularning asosiy qismi bartaraf etilib, oʻzboshimchalik bilan egallangan maydonlar asl holiga qaytarildi. Shuningdek, qonunbuzilishi holatlari yuzasidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli hujjatlar taqdim etildi. Bu haqida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

— Amalga oshirilayotgan ishlar, nafaqat qonunbuzilishlarni bartaraf etish, balki aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda, — deydi Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Fayoziddin Berdiqulov. — Avvallari mutaxassislarimiz xonadonma-xonadon yurib, kadastrga oid tartib-taomillarni tushuntirishga alohida eʼtibor qaratar edi. Bugun esa fuqarolarning oʻzlari kadastr xizmatlariga murojaat qilib, mulkni rasmiylashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlarini qonuniy tartibda amalga oshirmoqda. Hisobot davrida koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha 103 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani ham bu yoʻnalishda huquqiy madaniyat sezilarli darajada yuksalayotganini koʻrsatadi.

Hisobot davrida yer nazoratini kuchaytirish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, murojaatlarni tezkor koʻrib chiqish hamda raqamli tizimlarni keng joriy etish boʻyicha izchil ishlar davom ettirildi. Natijada yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash, mulkiy huquqlarni ishonchli himoya qilish va koʻchmas mulkni rasmiylashtirish jarayonlarining ochiqligi hamda samaradorligi yanada oshdi.