Mart oyida “Suvni tejash oyligi” oʻtkaziladi

29.07.2026 11:00 O'zbekiston 3129 ipaknews.uz

Mart oyida “Suvni tejash oyligi” oʻtkaziladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

2026-yil 24-iyul kuni Prezidentning “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–140-son farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” oʻtkaziladi va suvni qadrlash madaniyatini keng targʻib qilish chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab:

• respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbar va oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga ichimlik suvini tejash va hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatganlik mezonlari kiritiladi;

• hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

2027-yil 1-apreldan boshlab ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun byudjet tashkilotlariga respublika boʻyicha bir xil tariflar belgilanadi.

Ichimlik suvi ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari boʻyicha alohida hisob-kitob yuritilishi yoʻlga qoʻyiladi.