Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xonqa tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda Xonqa tumanidagi maktabgacha taʼlim muassasasi va “X.D” MCHJ masʼul shaxslari oʻzaro til biriktirib, muassasa binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 180,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Shayxontohur tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham fosh qilingan.
Xususan, fuqarolar F.A. va A.X. oʻzaro til biriktirib, “Chorsu” MFY hududidagi koʻchma savdo doʻkonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 105,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari maʼlum boʻlgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.