Oʻzbekistonda tashkilotlar xodimlarining soliq qarzdorligi qariyb 500 mlrd soʻmga yetdi

27.07.2026 10:30 O'zbekiston 2909 ipaknews.uz

Oʻzbekistonda 2026-yil 22-iyul holatiga koʻra, 183 668 ta tashkilotning 885 336 nafar xodimida mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha jami 498,7 mlrd soʻm soliq qarzdorligi mavjud. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Qayd etilishicha, qarzdorlik 1 069 710 ta soliq obyekti boʻyicha shakllangan. Shundan 282,8 mlrd soʻm yer soligʻi, 215,9 mlrd soʻm esa mol-mulk soligʻi hisobiga toʻgʻri keladi.

Maʼlumotlarga koʻra, qarzdorlikning 387,9 mlrd soʻmi tijorat tashkilotlari xodimlari, 90,8 mlrd soʻmi byudjet tashkilotlari xodimlari hamda 20 mlrd soʻmi nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Soliq qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, xodimlarining mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha qarzi eng yuqori boʻlgan tashkilotlar uchligi quyidagicha:

  • “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ — 5,6 mlrd soʻm;

  • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ — 4,2 mlrd soʻm;

  • “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ — 4,1 mlrd soʻm.