Joriy yil 23-iyul kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, Qoʻmita ekspertlari, Yoshlar parlamenti vakillari hamda videokonferensaloqa orqali mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari aʼzolari ishtirok etdi.
Majlisda “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitish taqiqlangan belgilar qatori “terisining rangi” hamda “siyosiy qarashlari” bilan toʻldirilmoqda.
Shuningdek, Mehnat kodeks yangi 8¹-modda bilan toʻldirilib, mehnat va mashgʻulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yoʻl qoʻymaslikning huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Ushbu yangi norma orqali ish joyida shahvoniy shilqimlik tushunchasi ilk bor mehnat qonunchiligida huquqiy jihatdan mustahkamlanib, ish beruvchilar zimmasiga mehnat jamoasida shahvoniy shilqimlikdan xoli xavfsiz mehnat muhitini yaratish majburiyati yuklatilmoqda.
Majlisda mazkur Qonunning xalqaro amaliyotga muvofiqligi alohida qayd etildi. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Irlandiya, Portugaliya, Belgiya, Gretsiya, Xorvatiya, Slovakiya, Sloveniya, Latviya, Ruminiya, Bolgariya, Janubiy Afrika Respublikasi, Meksika, Chili, Urugvay, Belarus, Rossiya, Qirgʻiziston, Gruziya, Ozarbayjon hamda Yevropa Ittifoqi qonunchiligi oʻrganilgani, aksariyat davlatlarda mehnat munosabatlarida shahvoniy shilqimlikka qarshi samarali huquqiy mexanizmlar mavjudligi taʼkidlandi.
Senatorlarning fikricha, Qonun mehnat sohasida barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishga, har qanday koʻrinishdagi kamsitishlarning oldini olishga hamda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun Senat yalpi majlisida koʻrib chiqish uchun tavsiya etildi.