Bugun, 23-iyul kuni Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida kuchli doʻl hodisasi kuzatildi. “Oʻzgidromet” qishloq xoʻjaligi ekinlarini doʻlning salbiy taʼsiridan muhofaza qilish maqsadida maxsus tadbirlar amalga oshirilganini maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga Qirgʻiz Respublikasining shimoli-gʻarbiy qismidan konvektiv doʻlli bulutlar kirib kelgan. Shu munosabat bilan mazkur bulutlarga qarshi maxsus taʼsir koʻrsatish ishlari olib borilgan.
Xususan, Yangiqoʻrgʻon GJTK BMS tomonidan soat 12:29 dan 12:34 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida bulutlarga jami 18 ta “Alazan-6” doʻlga qarshi snaryad qoʻllanilgan. 1-sonli texnik qoʻllash punktidan Iskovot, Yangihayot va Xadikent yoʻnalishlariga 6 ta, 3-sonli texnik qoʻllash punktidan Bogʻiston va Oʻrtayalongʻoch yoʻnalishlariga 6 ta, 4-sonli texnik qoʻllash punktidan esa Bogʻiston, Oʻrtayalongʻoch va Xadikent yoʻnalishlariga yana 6 ta snaryad uchirilgan.

“Oʻzgidromet” xabariga koʻra, mazkur tadbirlar doʻl yogʻishining oldini olish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini ehtimoliy zarardan himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan.