Samarqand shahrida Yoʻl-patrul xizmati xodimi boshqaruvidagi xizmat avtomobili piyodani urib ketdi. Hodisa oqibatida 75 yoshli fuqaro vafot etgan.
Viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining maʼlum qilishicha, voqea kecha, 21-iyul kuni soat 18:15 larda Samarqand shahridagi “Shabbod” koʻchasida sodir boʻlgan.
Bildirilishicha, YPX xodimi oʻziga biriktirilgan “Tracker” rusumli patrul avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtida belgilanmagan joydan yoʻlni kesib oʻtayotgan 1951-yilda tugʻilgan S.A.ni urib yuborgan. Oqibatda piyoda ogʻir tan jarohatlari olgan va voqea joyida vafot etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.