Magistraturaga hujjat topshirganlar soni qariyb 37 mingga yetdi

22.07.2026 15:30 O'zbekiston 3202 ipaknews.uz

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bugun, 22-iyul kuni soat 13:30 holatiga koʻra 2026-2027 oʻquv yili uchun qabul jarayonlari yuzasidan statistik maʼlumotlarni eʼlon qildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Vazirlik maʼlumotiga koʻra, ayni vaqtda magistratura bosqichiga hujjat qabul qilish davom etmoqda. Hozirga qadar ushbu yoʻnalish boʻyicha 36 814 ta ariza qabul qilingan. Magistratura uchun hujjat topshirish 30-iyul kuni yakunlanadi.

Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim tashkilotlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha 4 368 ta ariza kelib tushgan. Mazkur toifa uchun qabul 25-iyul kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumotni olish istagini bildirganlardan esa 11 301 ta ariza qabul qilingan. Bu yoʻnalish boʻyicha hujjatlar 10-avgustgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Shuningdek, respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqishni koʻchirish va tiklash uchun 16 463 ta, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha esa 787 ta ariza roʻyxatdan oʻtgan. Har ikki yoʻnalishda ham qabul jarayoni 5-avgust kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Eslatib oʻtamiz, magistratura, ikkinchi mutaxassislik hamda texnikum bitiruvchilari uchun hujjatlar “my.edu.uz” platformasi orqali, oʻqishni koʻchirish va tiklash boʻyicha arizalar esa “transfer.edu.uz” platformasida onlayn qabul qilinmoqda.