Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yirik miqdordagi tovarlarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga boʻlgan urinish bartaraf etildi. Bu haqida Davlat bojxona qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, xorijdan import tartibida olib kelingan yuk “Xavfni boshqarish” tizimi orqali “sariq” yoʻlakka yoʻnaltirilgan boʻlsada, uning rentgen tasviri hamda yuk kuzatuv hujjatlaridagi maʼlumotlar xodimlarda asosli shubha uygʻotgan.
Shundan soʻng, oʻtkazilgan bojxona koʻrigi davomida yuk hujjatlarida qayd etilmagan 3 tonnadan ortiq avto ehtiyot qismlari mavjudligi maʼlum boʻlgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, deklaratsiyalanmagan tovarlarning umumiy qiymati qariyb 3 milliard 500 million soʻmni tashkil etgan.
Hozirda mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olingan boʻlib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.