Gastronomiya – savdoni rivojlantiruvchi omil.

21.07.2026 18:34 IPAK YO‘LI 3400 XXR Urumchi

XXR Shinjon-uyg‘ur avtonom rayoni Urumchi shahrida “Shinjon gastronomiya festivali – 2026” doirasida qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar Shinjon xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilib, oshpazlar musobaqalari, soha ko‘rgazmalari, biznes uchrashuvlari, interaktiv dasturlar hamda gastronomik yarmarkalarni o‘z ichiga oldi. Festivalning asosiy maqsadi Shinjonning ko‘p millatli oshpazlik an’analarini asrab-avaylash, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini Xitoy va Markaziy Osiyo bozorlariga olib chiqish hamda mintaqada restoran sanoatini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Pavilonlardan birida mehmonlarni endigina tayyorlangan guruchli lag‘monning ishtahaochar hidi qarshi oldi. Unda 19 ta mahalliy brend ishtirok etdi. Tashrif buyuruvchilar taom tayyorlash jarayonini bevosita kuzatish va uni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Xushbo‘y souslar bilan tayyorlangan issiq qovurilgan guruchli lag‘mon eng ommabop taomlardan biriga aylandi. Pavilonlar oldida uzun navbatlar hosil bo‘ldi.

Shu bilan birga, tadbir maydonida mahalliy xomashyo yetkazib beruvchilarning 30 dan ortiq stendi faoliyat yuritdi. Ularda Shinjonning eng sara mahsulotlari – achchiq souslar, ziravorlar va turli xil go‘sht mahsulotlari namoyish etildi. Ko‘plab ishtirokchilar ko‘rgazmaning ilk kunidayoq restoran biznesi vakillari va xaridorlar bilan samarali muzokaralar o‘tkazganini ta’kidladi.

Shu bilan bir qatorda, Oziq-ovqat mahsulotlari elektron tijorati festivali ham bo‘lib o‘tdi. Maydoni 18 ming kvadrat metrni tashkil etgan ko‘rgazmada 500 ga yaqin oziq-ovqat ishlab chiqaruvchisi ishtirok etib, mol go‘shti, qo‘y go‘shti, yarim tayyor mahsulotlar va boshqa turdagi 5 mingdan ortiq mahsulotni namoyish etdi.Ko‘rgazmada Shinjonning o‘ziga xos mahsulotlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ekologik toza go‘sht mahsulotlari, mashhur dapandji (“Katta likopchadagi tovuq”) taomini tayyorlash uchun kerakli masalliqlar, qovurilgan guruchli lag‘mon uchun ziravor va souslar taqdim etildi.

Ko‘rgazmaning birinchi kunidayoq Shinjon mahsulotlariga katta qiziqish bildirgan ko‘plab xaridorlar bilan biznes muzokaralari o‘tkazildi.

Gastronomiya festivali doirasida Sovuq zanjir oziq-ovqat bozori rivoji bo‘yicha xalqaro konferensiya hamda Markaziy Osiyo restoran biznesi uchun oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha hamkorlik forumi ham tashkil etildi. Tadbirda soha vakillari, ekspertlar va korxona rahbarlari Shinjon ichida va undan tashqarida oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarini rivojlantirish, sovuq zanjir logistikasini moliyaviy xizmatlar va elektron tijorat bilan integratsiya qilish masalalarini muhokama qildi. Forumning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo bozoriga yo‘naltirilgan zamonaviy logistika markazini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Konferensiya yakunida bir qator logistika kompaniyalari hamda oziq-ovqat yetkazib beruvchilar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha dastlabki kelishuvlarni imzoladi. Bu esa Shinjon mahsulotlarini Xitoy ichki bozori hamda Markaziy Osiyo mamlakatlariga kengroq olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Festival tadbirlari bir vaqtning o‘zida ham keng jamoatchilik, ham soha mutaxassislariga mo‘ljallandi. Barcha uchun ochiq maydonlar restoran biznesi vakillari, xaridorlar va ta’minotchilarni bir joyga jamlab, ular degustatsiyalar, biznes muzokaralari va mahsulot xaridlarida faol ishtirok etdi.

Shuningdek, professional oshpazlar mahorat tanlovining final bosqichi hamda turli pazandachilik usullarining namoyishlari festivalning eng qiziqarli tadbirlaridan biri bo‘ldi.