Tabiiy meros — taraqqiyot manbai.

20.07.2026 17:02 IPAK YO‘LI 2814 ipaknews.uz

“Xalqaro kommunikatsiyalar haftaligi. Dunyo OAVlari Lanchjouda” dasturi doirasida 23 mamlakatdan kelgan jurnalist va blogerlar Xitoyning Gansu provinsiyasi Gaolan tumani hududidagi qadimiy Shichuan nok bog‘ini ziyorat qildi. Ushbu maskan dunyodagi eng yirik qadimiy nok bog‘i hisoblanadi va bu yerda bir necha asrlardan buyon an’anaviy bog‘dorchilik usullari saqlanib kelmoqda.

Mehmonlar ko‘p yillik daraxtlarni muhofaza qilish tizimi, bog‘larni parvarishlash texnologiyalari hamda mahalliy an’analar bilan tanishdi. Xuanxe daryosi bo‘yida joylashgan bog‘ qariyb 800 gektar maydonni egallaydi. Unda yoshi 100 yildan oshgan 9,4 mingdan ortiq nok daraxti mavjud bo‘lib, shundan 2,6 mingdan ziyodi 300 yildan ortiq umr ko‘rgan. Eng qadimgi daraxtning yoshi qariyb 500 yil bo‘lsa-da, u hanuzgacha hosil bermoqda.

2025-yil may oyida Shichuan qadimiy nok bog‘i tizimi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari (GIAHS) ro‘yxatiga kiritilgan.

Media-tur ishtirokchilari, shuningdek, Gansu provinsiyasining nomoddiy madaniy merosi hisoblangan ikki yo‘nalish — “Lanchjou guczi” musiqiy san’ati va “Tyanbashi” an’anaviy hunarmandchiligi bilan ham tanishdi. “Tyanbashi” baland nok daraxtlarini uzun yog‘och narvonlar yordamida parvarishlash usulidir. Bog‘bonlar hozirgacha daraxtlarni qo‘lda kesish, sun’iy changlatish va hosilni yig‘ib olish ishlarini an’anaviy usulda amalga oshirib kelmoqda.

“Kabar” axborot agentligining qirg‘iz tahririyati bosh muharriri Nurza Jumaliyeva uni nafaqat ko‘p asrlik daraxtlar, balki mahalliy aholining tabiiy merosga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rligi ham chuqur taassurot qoldirganini ta’kidladi.

Bugungi kunda qadimiy nok bog‘i qishloq xo‘jaligi madaniyatining noyob yodgorligi bilan birga mashhur sayyohlik maskaniga ham aylangan. Bu yerda mahalliy nok navlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan, qishloq turizmi ham jadal rivojlanmoqda. Har yili majmuaga 900 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyuradi.

Qirg‘iziston Milliy teleradiokompaniyasi jurnalisti Soltobek uulu Ulanbekning fikricha, Shichuan tajribasi tabiiy va madaniy merosni asrab-avaylagan holda mahalliy iqtisodiyot hamda turizmni rivojlantirish mumkinligini yaqqol namoyish etadi. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham katta qiziqish uyg‘otadi.