Toshkent shahrida tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan muqaddam sudlangan fuqaro R.X. Mirobod tumani, “Bayot” MFY hududidagi xonadonda umumiy bahosi 261,6 mln soʻmlik 15 turdagi 11 675 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Shayxontohur tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham fosh qilingan.
Xususan, tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro M.T. «Labzak« MFY hududidagi xonadonida umumiy bahosi 297,4 mln soʻmlik 70 turdagi 10 567 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Sergeli tumanidagi “Dehqon bozori” hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro G.D. 2 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, undan umumiy bahosi 48 mln soʻmlik 1 064 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.