Andijon viloyatida sanoatni mahalliylashtirish va yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish borasida yana bir muhim qadam tashlandi. “Andijon yuk vagonlarini taʼmirlash zavodi” AJda sianid natriy moddasini tashishga moʻljallangan maxsus temir yoʻl vagoni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sianid natriy asosan oltin qazib olish sanoatida qoʻllaniladigan oʻta xavfli kimyoviy modda boʻlib, shu vaqtgacha u, asosan, maxsus konteyner va idishlarda tashilar edi. Yangi vagon esa yukni xavfsiz, katta hajmda va iqtisodiy jihatdan samarali tashish imkonini yaratadi. Bunday maxsus vagonlar dunyoda sanoqli mamlakatlardagina ishlab chiqariladi va endilikda mazkur mahsulotning Oʻzbekistonda tayyorlanayotgani import oʻrnini bosish hamda mahalliy sanoat salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bu loyiha mamlakatimiz temir yoʻl mashinasozligida yangi bosqichni boshlab berdi, — deydi korxona boshqaruvi raisi Zaynobiddin Ayubjonov. — Ilgari bunday turdagi maxsus vagonlarga ehtiyoj asosan import hisobiga qoplanar edi. Bugun esa muhandislarimiz va mutaxassislarimiz saʼy-harakatlari bilan uni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishga erishdik. Bu nafaqat importga qaramlikni qisqartiradi, balki yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va eksport salohiyatini oshirish uchun ham mustahkam zamin yaratadi.

.jpg)
.jpg)
Korxonadagi yuksalish raqamlarda ham yaqqol namoyon. Agar avvallari zavodda bir oy davomida oʻrtacha 15 tagacha vagon ishlab chiqarilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 150 taga yetdi. Qisqa fursatda oʻn barobar oʻsgan bu natija ishlab chiqarish quvvatlari kengayib, muhandislik salohiyati yuksalib, zavod taraqqiyoti yangi surʼat kasb etayotganining yorqin ifodasidir. Bugun bu korxona, nafaqat, vagon ishlab chiqarayotgan sanoat maskani, balki mamlakat mashinasozligi istiqbolini belgilayotgan muhim taraqqiyot nuqtalaridan biriga aylanmoqda.