SHHT tinchlik, barqarorlik va hamkorlikning omili bo‘la oldimi?

19.07.2026 17:01 IPAK YO‘LI 2481 ipaknews.uz

Roza Otunboyeva: – Bizning avlodimiz odamlar o‘rtasida ishonch barpo etishga hissa qo‘shishi kerak.

Qo‘shnilarimiz haqida juda kam ma’lumotga egamiz.

- SHHTning gumanitar missiyasi faqat konferensiyalar, forumlar yoki festivallar tashkil etishdan iborat emas.
- Ishonch faqat muzokaralar stoli atrofida paydo bo‘lmaydi.
- SHHT nafaqat davlatlarni, balki buyuk sivilizatsiyalar – xitoy, hind, islom, pravoslav xristian va Markaziy Osiyo sivilizatsiyalarini birlashtiradi.
- Mustahkam tinchlik faqat davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlardan boshlanmaydi. U odamlar o‘rtasidagi ishonchdan boshlanadi.

Roza Otunboyeva Qirg‘izistonning davlat va siyosat arbobi. U Qirg‘iziston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri, AQSH va Kanadadagi elchisi, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili, 2010-2011-yillarda esa mamlakat prezidenti lavozimlarini egallagan. Hozirda “Roza Otunboyeva tashabbuslari” xalqaro jamoat jamg‘armasining raisi.

O‘zA muxbiri Muhammadjon Obidov Bishkekda SHHTning 25 yilligi munosabati bilan “Sivilizatsiyalar muloqoti” mavzusida bo‘lgan jurnalistlar xalqaro forumida Roza Otunboyeva bilan uchrashdi va bu tashkilot faoliyati hamda oldidagi muhim vazifalar haqidagi fikrlarini so‘radi.

– «Sivilizatsiyalar muloqoti» mavzusi menga nafaqat ko‘p yillar davomida xalqaro hamkorlik masalalari bilan shug‘ullangan inson sifatida, balki 1990-yillar o‘rtalaridan boshlab Shanxay jarayonining ilk bosqichlarida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lgan inson sifatida ham juda yaqindir.

O‘sha paytda oldimizda tarixiy vazifa turar edi – davlatlar sifatida bir-birimizga ishonishni o‘rganish, endigina imzolangan chegaralar atrofida birlashgan besh mamlakat o‘rtasida ishonch muhitini shakllantirish.

O‘nlab yillar davom etgan yaqin va faol hamkorlik natijasida, dastlabki o‘zaro ehtiyotkorlikka qaramay, siyosiy ishonch, suverenitetga hurmat va teng huquqli hamkorlik muhitini yarata oldik. Ana shu poydevor ustida Shanxay hamkorlik tashkiloti vujudga keldi.

Bugun, oradan 25 yil o‘tib, SHHT taraqqiyotining yangi bosqichi boshlanmoqda. Agar avvalgi avlod davlatlar o‘rtasida ishonch ko‘prigini barpo etgan bo‘lsa, endi bizning avlodimiz odamlar va xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashdek tarixiy vazifani ado etishi lozim.

Biz ko‘pincha sivilizatsiyalar muloqoti haqida gapiramiz. Ammo chuqurroq o‘ylab qarasak, sivilizatsiyalar o‘z-o‘zidan muloqot qilmaydi. Muloqotni odamlar olib boradi. Aynan odamlar bir-birini qay darajada yaxshi bilishi, yigirma-o‘ttiz yildan keyin mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning qanday bo‘lishini belgilaydi. Menimcha, biz qiziq bir paradoksga duch kelmoqdamiz. Biz ochiq chegaralar, raqamli texnologiyalar va tezkor axborot davrida yashayapmiz. Dunyoning eng olis burchaklari haqida ko‘p narsani bilamiz. Biroq, hayratlanarlisi, qo‘shnilarimiz haqida juda kam ma’lumotga egamiz.

Biz umumiy Yevrosiyo makoni va eng muhimi umumiy kelajak bog‘lab turgan xalqlarning tarixi, adabiyoti, madaniyati, an’analari va turmush tarzini yetarlicha bilmaymiz. Aslida esa aynan bilmaslik ko‘pincha ishonchsizlik, bir-biriga nisbatan salbiy tasavvurlar va stereotiplarning shakllanishiga zamin yaratadi. Shuning uchun menimcha, bugungi kunda SHHTning gumanitar missiyasi faqat konferensiyalar, forumlar yoki festivallar tashkil etishdan iborat emas. Eng asosiy vazifa odamlar bir-birini bilishi uchun sharoit yaratishdir.

Maktab o‘quvchilari, talabalar, yosh olimlar, o‘qituvchilar va madaniyat arboblari bir-biri bilan erkin muloqot qilishi, birga ta’lim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va ijod qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratishimiz lozim.

Tarix bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: ishonch faqat muzokaralar stoli atrofida shakllanmaydi. U bolalar birga ta’lim olganda, talabalar o‘rtasida do‘stlik rishtalari mustahkamlanganda, yosh olimlar qo‘shma tadqiqotlar olib borganda, oilalar bir-biriga mehmon bo‘lib borganda va qo‘shnilar bir-birini begona emas, yaqin inson sifatida qabul qilganda qaror topadi.

Men shunday kun kelishini istardimki, SHHTga a’zo istalgan mamlakatning yosh fuqarosi uchun ta’lim olish, ilmiy izlanishlar olib borish yoki jamoatchilik faoliyatining muayyan bosqichini qo‘shni SHHT mamlakatida amalga oshirish, bugun dunyoning yetakchi mamlakatlarida tahsil olishga intilish qanchalik tabiiy bo‘lsa, shunchalik oddiy va tabiiy holga aylansin.

Zero, qo‘shnini anglash va unga ishonch tuyg‘usini shakllantirish yigirma yoshda emas, balki bolalikdan – o‘n ikki yoshdan boshlanishi kerak.

Tasavvur qiling, agar SHHTga a’zo mamlakatdagi har bir maktab boshqa bir a’zo davlatdagi hamkor maktab bilan doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘ysa. Bolalar onlayn muloqot qilsa, qo‘shma ta’lim va ijodiy loyihalarni amalga oshirsa, bir-birining tarixi, madaniyati va milliy bayramlarini o‘rgansa, bir necha yildan so‘ng eng faol o‘quvchilar hamkor mamlakatlarga borib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lsa, ana shunda qo‘shni mamlakat ular uchun xaritadagi nom yoki mavhum tushuncha emas, balki do‘stlari yashaydigan, yaxshi tanish va yaqin maskanga aylanadi.

Men shunday kelajakni tasavvur qilamanki, yigirma yildan keyin bir yosh inson shunday deydi:

«Men Bishkekda tug‘ilganman. Maktabda o‘qiganimda Siandagi do‘stim bilan muntazam xat yozishardim. Talabalik yillarimda bir semestr Dehlida tahsil oldim. Qozonda ilmiy tadqiqotlar olib bordim. Toshkentda qo‘shma loyihada ishtirok etdim. Bugun esa mening eng yaqin do‘stlarim Xitoy, Pokiston, Eron va boshqa SHHT mamlakatlarida yashaydi. Shuning uchun ham men qo‘shnilarimdan qo‘rqmayman, chunki men ularni tushunaman.»

Ana shundagina SHHTning gumanitar missiyasi to‘laqonli ro‘yobga chiqqanini aytish mumkin bo‘ladi.

Bugun Yevropa Ittifoqining eng muvaffaqiyatli gumanitar tashabbuslaridan biri sifatida tan olingan Erasmus dasturi millionlab yoshlarga Yevropani shaxsiy tajriba orqali anglash, boshqa xalqlarning madaniyati va qadriyatlarini yaqindan bilish imkonini berdi.

SHHT ham o‘zining sivilizatsion xususiyati va madaniy xilma-xilligini aks ettiruvchi betakror gumanitar tashabbusni amalga oshirish salohiyatiga ega. Zero, SHHT nafaqat davlatlarni, balki xitoy, hind, islom, pravoslav, xristian va Markaziy Osiyo kabi buyuk sivilizatsiyalarni birlashtirib turgan noyob makondir.

Shu nuqtai nazardan, nima uchun «SHHT sivilizatsiyalari stipendiya jamg‘armasi»ni tashkil etmaslik kerak? Balki aynan shunday tashabbus kelgusida SHHTning eng yorqin va tanilgan ramzlaridan biriga aylanar.

Bu oddiy akademik almashinuv dasturi bo‘lmasligi lozim. U yoshlarga qo‘shni sivilizatsiyaning tili, tarixi, falsafasi, adabiyoti va an’analarini chuqur o‘rganish, uning universitetlari, ilmiy laboratoriyalari, muzeylari va madaniy muassasalarida faoliyat yuritish, xalqining kundalik hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini berishi kerak. Eng muhimi, ular Vataniga nafaqat diplom va ilmiy tajriba, balki boshqa madaniyatni anglash, hurmat qilish va ishonch ko‘prigiga aylangan inson sifatida qaytishlari lozim.

O‘tgan yigirma besh yil davomida SHHT tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va ko‘p tomonlama hamkorlikning ishonchli platformasi ekanini isbotladi. Endi esa tashkilot oldida yanada yuksak vazifa – xalqlar va insonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch makonini shakllantirish imkoniyati turibdi.

Chunki barqaror tinchlik faqat davlatlar o‘rtasida imzolangan kelishuvlar bilan ta’minlanmaydi. U, eng avvalo, odamlar qalbida shakllangan o‘zaro ishonch, hurmat va anglashdan boshlanadi.

Agar SHHT mamlakatlarimiz xalqlariga bir-birini yaqindan bilish, chuqurroq anglash va mustahkam ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qila olsa, bu uning nafaqat bugungi, balki butun Yevrosiyo kelajagiga qo‘shgan eng katta va eng barqaror hissasi bo‘ladi.

Muhammadjon Obidov O‘zA,

Bishkekdan tayyorlandi