Namangan viloyatida tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxs fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro M.T. “Obod” MFY hududidagi xonadonida umumiy bahosi 130,6 mln soʻmlik 9 333 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.