Sankt-Peterburg shahrida ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan Oʻzbekiston fuqarosi va uning toʻrt nafar farzandi Vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.B. Oʻzbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilib, oʻzi va toʻrt nafar farzandi yashash joyisiz qolgani hamda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolganini maʼlum qilgan.
Bosh konsulxona tomonidan vaziyat oʻrganilganda, muammo oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida yuzaga kelgani aniqlangan. Fuqaroning aytishicha, turmush oʻrtogʻi oilaviy janjaldan soʻng uni va toʻrt nafar farzandini yashab turgan joyidan chiqarib yuborgan hamda qarovsiz qoldirgan.
Shundan soʻng Bosh konsulxona Migratsiya agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakili bilan hamkorlikda ona va uning farzandlarini vaqtinchalik turar joy bilan taʼminlab, Vatanga qaytarish ishlarini tashkil etgan.
Joriy yilning 15-iyul kuni ona va uning toʻrt nafar farzandi “Sankt-Peterburg — Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekistonga olib kelingan.