29 davlat Sun'iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotiga asos soldi

18.07.2026 16:00 IPAK YO‘LI 3209 ipaknews.uz

16-iyul kuni Shanxay shahrida Sun'iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti (World AI Cooperation Organization) rasman tashkil etildi. Qozog‘iston, Laos, Pokiston va Rossiyani o‘z ichiga olgan 29 davlat vakillari ta'sis bitimini imzolab, yangi xalqaro tashkilotning asoschi davlatlariga aylandi. Ushbu tashabbus Xitoyning Global Janub mamlakatlari hamda xalqaro hamjamiyatning sun'iy intellekt texnologiyalarini birgalikda rivojlantirish va boshqarishga oid ehtiyojlariga bergan muhim javobi bo‘lib, sun'iy intellekt taraqqiyoti tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur tashkilotning tashkil etilishi Xitoyning global ilmiy-texnologik boshqaruv tizimidagi roli o‘zgarayotganini ham aks ettiradi. Bugungi kunda Xitoy endi faqat xalqaro qoidalarni bajaruvchi emas, balki o‘zining innovatsion salohiyati va samarali tartibga solish modeli asosida yuqori texnologiyalar sohasidagi xalqaro me'yorlarni shakllantirishda faol ishtirok etayotgan davlatga aylandi.

Bu, ayniqsa, bugungi kunning eng istiqbolli texnologiyalaridan biri bo‘lgan sun'iy intellekt sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Sun'iy intellekt bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan patentlar va chop etilgan ilmiy maqolalar soni bo‘yicha Xitoy barqaror ravishda dunyoda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Shuningdek, yirik til modellari yuklab olinishi soni bo‘yicha ham mamlakat yetakchi hisoblanadi. Sanoat sohasida esa 2025-yilga kelib Xitoy sun'iy intellekt sanoatining asosiy tarmoqlari hajmi 1,2 trillion yuandan oshdi. Tartibga solish borasida Xitoy yangi texnologiyalardan xavfsiz va mas'uliyatli foydalanishni ta'minlash maqsadida bosqichma-bosqich va pragmatik rivojlanish modelini izchil amalga oshirib kelmoqda.

Sun'iy intellekt sohasidagi jahon yetakchilaridan biri sifatida Xitoy ushbu yo‘nalishdagi global boshqaruvdagi ishtirokini muntazam kengaytirib bormoqda. Mamlakat Sun'iy intellektni global boshqarish tashabbusini ilgari surdi, Sun'iy intellekt salohiyatini umumiy rivojlantirish rejasini, shuningdek, "AI+" xalqaro tashabbusini taqdim etdi. Ushbu amaliy qadamlar orqali Xitoy raqamli davr taraqqiyoti uchun xalqaro hamjamiyatga o‘z yechimlarini taklif etmoqda. Sun'iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining tashkil etilishi esa Xitoyning g‘oyalarni ilgari surish bosqichidan to‘laqonli xalqaro platforma va hamkorlik mexanizmlarini yaratish bosqichiga o‘tayotganini anglatadi.

Yangi tashkilotning ahamiyati bitta davlat manfaatlari bilan cheklanmaydi. Sun'iy intellekt insoniyat uchun mislsiz taraqqiyot imkoniyatlarini yaratishi bilan birga, yangi xavf va tahdidlarni ham yuzaga keltirmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda sun'iy intellektni tartibga solishning keng qamrovli global tizimini yaratishga chaqirdi. Biroq hozirgi vaqtda ushbu sohadagi xalqaro boshqaruv tarqoq holatda bo‘lib, xalqaro muvofiqlashtirishga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojni to‘liq qondira olmayapti.

Alohida e'tibor shundaki, sun'iy intellektni global boshqarishning amaldagi tizimida Global Janub mamlakatlari ko‘pincha deyarli ovoz berish huquqisiz qolmoqda. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, 2025-yilga kelib qariyb 118 davlat sun'iy intellektni tartibga solish bo‘yicha xalqaro qoidalarni muhokama qilish jarayonidan amalda chetda qolgan bo‘lib, ularning aksariyati aynan Global Janub mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Amaldagi mexanizmlar asosan rivojlangan davlatlar manfaatlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, raqamli tengsizlikni kamaytirish, texnologik tafovutni qisqartirish hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalarni yetarli darajada hisobga olmaydi.

Shu sababli Sun'iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining tashkil etilishi chinakam tarixiy ahamiyat kasb etadi. U mafkuraviy qarashlarga ko‘ra ishtirokchilarni ajratmaydigan va texnologik rivojlanish darajasiga qarab to‘siqlar qo‘ymaydigan ochiq xalqaro platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Tashkilot barcha davlatlarga, eng avvalo Global Janub mamlakatlariga, raqamli davr imkoniyatlaridan teng foydalanish sharoitini yaratishni maqsad qilgan.

Xitoy allaqachon rivojlanayotgan mamlakatlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Jumladan, DeepSeek kabi yirik modellarning ochiq kodini taqdim etish, Zimbabveda superkompyuter markazini qurish hamda "Matsu" erta ogohlantirish meteorologik modelini dunyoning qirqdan ortiq mamlakatida joriy etish shular jumlasidandir. Yangi xalqaro tashkilotning tashkil etilishi Xitoy texnologiyalarini yanada kengroq tarqatish va Global Janub mamlakatlarining texnologik rivojlanishiga ko‘maklashish uchun institutsional mexanizm yaratishga xizmat qiladi.

Sun'iy intellekt faqat ayrim davlatlar uchun imtiyozga aylanmasligi kerak. Xuddi shuningdek, ushbu sohani global boshqarish ham bir necha mamlakatning o‘zi tomonidan belgilanmasligi lozim. Barcha manfaatdor tomonlarning keng ishtirokiga asoslangan inklyuziv xalqaro hamkorlik modelini shakllantirish sun'iy intellektni global boshqarish taraqqiyotida yangi sahifani ochmoqda.