Hududda yaqindagina zamonaviy “Zarra Resort & Spa” majmuasining birinchi bosqichi foydalanishga topshirilgan edi. 7 gektar maydonda bunyod etilgan mazkur majmua zamonaviy mehmonxona va dam olish xizmatlarini oʻzida mujassam etgan boʻlib, yiliga 300 ming nafargacha mehmonlarga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunda hududda yana bir dam olish maskani — yozgi mavsumda foydalanish mumkin boʻlgan ochiq basseyn va yil davomida xizmat koʻrsatadigan yopiq basseyn barpo etilmoqda. Majmuaning yana bir eʼtiborli jihati togʻ yonbagʻriga mos holda oʻrnatilgan 20 ta kapsula mehmonxonasidir. Zamonaviy uslubda qurilgan ushbu xonalar mehmonlarga betakror tabiat qoʻynida mazmunli hordiq chiqarish imkonini yaratadi.
Ayni paytda qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan. Yozning mana shunday issiq kunlarda majmua foydalanishga topshirilib, mahalliy aholi va sayyohlarga xizmat koʻrsatishni boshlaydi.