Parlament nazorati amaliyotda: senatorlar uy-joy kommunal xoʻjaligini raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishdi

16.07.2026 12:00 O'zbekiston 3421 ipaknews.uz

Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari atroflicha koʻrib chiqilgan edi.

Majlisda parlament soʻrovida koʻtarilgan tizimli muammolar boʻyicha masʼullarning batafsil axborotlari eshitilib, senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama qilingan va aniq vazifalar belgilangan.

Bugun Senat aʼzolari sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va tizimni raqamlashtirish borasidagi amaliy natijalar faqat hisobot va statistik koʻrsatkichlarda emas, balki amaliyotda ham oʻz ifodasini topayotganini koʻrish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif aynan shu vazifalarning ijrosi va parlament nazoratining izchil davomi boʻldi.

Senatorlar sohani raqamlashtirish va fuqarolar uchun elektron xizmatlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xususan, tizimda joriy etilgan “Mening uyim” axborot platformasi imkoniyatlari alohida eʼtirof etildi. Ushbu elektron platforma orqali bugungi kunda mulkdorlar uchun bir qator qulayliklar yaratilgan.

Jumladan, aholi oʻz xonadoni boʻyicha majburiy badallar va kommunal toʻlovlar hisobini real vaqt rejimida kuzatib borishi va onlayn toʻlovlarni amalga oshirishi, oʻzlariga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv kompaniyalari faoliyatini baholashi hamda avariya bilan bogʻliq va boshqa kommunal muammolar boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri elektron murojaatlar yuborish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Shu bilan birga, Senat aʼzolari erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim istiqbolli yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Bundan tashqari, senatorlar koʻp xonadonli uylarning texnik holatini baholashda inson omilini cheklash zarurligi ham taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida senatorlar uy-joylarning texnik holati, muhandislik tarmoqlari va taʼmirlashga boʻlgan ehtiyojlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni real vaqt (online) rejimida yuritish hamda muntazam yangilab borish tizimini toʻliq yoʻlga qoʻyish yuzasidan oʻz taklif hamda tavsiyalarini berdi.

Bu mexanizm kelgusida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini oldindan toʻgʻri rejalashtirish va mablagʻlardan maqsadli foydalanishda bosh mezon sifatida xizmat qilishi qayd etildi.