“Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari sivilizatsiyalari muloqoti — 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

15.07.2026 20:19 IPAK YO‘LI 2617 ipaknews.uz

14-iyul kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning davlat organlari, ilmiy-akademik doiralari, ommaviy axborot vositalari hamda madaniyat sohasi vakillaridan 200 nafardan ortiq ishtirokchini birlashtirgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari sivilizatsiyalari muloqoti — 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Ulan Mamatkanov texnologiyalar jadal rivojlanayotgan va xalqaro munosabatlar tubdan o‘zgarayotgan bugungi sharoitda davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot hamda global muammolarga birgalikda yechim izlash tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston “Shanxay ruhi” tamoyillariga sodiq qolgan holda, SHHTdagi raisligini mas’uliyatli vazifa va tashkilot doirasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati sifatida baholaydi.

SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Pyao Yanfan madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, sivilizatsiyalarning uyg‘un hamkorlik muhitini shakllantirish hamda umumiy tinch taraqqiyotni ilgari surishga xizmat qilishini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, SHHT madaniy merosni asrash sohasida tajriba almashishni kengaytirish, madaniy innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda sivilizatsiyalararo xalqaro muloqotni rivojlantirishni davom ettiradi.

Muhokamalar yakunida forum ishtirokchilari zamonaviy sharoitda tinch-totuv yashash, o‘zaro hurmat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi inklyuziv muloqot barqaror rivojlanish hamda umumiy taraqqiyotning muhim asosi ekanligi to‘g‘risida yakdil xulosaga kelishdi.

Forum doirasida qator madaniy loyihalarga start berish marosimlari, SHHTga a’zo davlatlarning ixtisoslashgan media tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik bitimlarini imzolash, shuningdek, mavzuli davra suhbatlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga qirg‘iz xalqining “Manas” dostoni asosida sahnalashtirilgan teatr tomoshasi, “Lyanchju — Xitoy sivilizatsiyasining manbalari” nomli raqamli madaniy-tarixiy ko‘rgazma hamda “Go‘zal SHHT” badiiy ko‘rgazmasi namoyish etildi.