Senat qoʻmitalari va mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari oʻrtasidagi hamkorlik izchil mustahkamlanmoqda

14.07.2026 11:00 O'zbekiston 3938 ipaknews.uz

Oliy Majlis Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari aʼzolarining kasbiy salohiyatini yuksaltirish, qonunchilik sohasidagi yangiliklardan xabardorligini oshirish hamda doimiy komissiyalarning Senat qoʻmitalari bilan amaliy hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻquv seminarlari va amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Shu maqsadda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari aʼzolari Senat qoʻmitalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi kotibiyati xodimlari Senatning Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazida amaliy tajriba oʻtamoqda.

Amaliy mashgʻulotlar davomida deputatlar Senat qoʻmitalari hamda Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan tanishib, mahalliy vakillik organlari faoliyati samaradorligini oshirish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga doir masalalarni hal etishda mahalliy Kengashlarning ishtirokini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonida mahalliy Kengashlar deputatlarining ishtirokini kengaytirish, ularning taklif va mulohazalarini inobatga olish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va mavjud imkoniyatlarini aks ettirishga oid amaliy koʻnikmalar mustahkamlandi.

Deputatlarning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiya raisi Anvar Tuychiyev bilan uchrashuvi ham oʻtkazildi.

Tadbirda mahalliy Kengashlar va ularning doimiy komissiyalari faoliyatini yanada takomillashtirish, Senat qoʻmitalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazorati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.