Xitoyning China Everbright Group kompaniyasi Buxoro viloyatida chiqindilarni qayta ishlash majmuasini quradi

08.07.2026 10:00 IPAK YO‘LI 3619 ipaknews.uz

Xitoyning China Everbright Group xolding kompaniyasi Buxoro viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hamda ikkilamchi xomashyodan mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik istiqbollari kompaniya vakillari va viloyat rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

China Everbright Group xalqaro biznes departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Syu Bo (Qiu Bo)ning ma’lum qilishicha, loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhiti hamda chiqindilarni qayta ishlash va muqobil energiya ishlab chiqarish loyihalariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash tufayli qabul qilingan.

Uning ta’kidlashicha, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash chiqindilarni ko‘mishga yuboriladigan hajmni kamaytirish, atrof-muhitga tushayotgan yuklamani pasaytirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ikkilamchi xomashyo ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradi.

Buxoro viloyati Chiqindilar poligonlarini boshqarish direksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Mirshod Amirovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida Xitoy uskunalari asosida chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologik liniyalar barpo etiladi.

Hozirda viloyatda qattiq maishiy chiqindilarni qabul qiluvchi 15 ta poligon faoliyat yuritmoqda. Ularga har yili 500 ming tonnadan ortiq chiqindi olib kelinadi. Yangi korxona ishga tushirilishi chiqindilarni qayta ishlash samaradorligini sezilarli darajada oshirish va poligonlarga yuboriladigan chiqindilar hajmini kamaytirishga xizmat qiladi.

Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoro viloyatida har kuni o‘rtacha 1 568 tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Mavjud korxonalar esa ushbu hajmning atigi uchdan bir qismini qayta ishlash imkoniyatiga ega.

Yangi majmua ishga tushirilgach, chiqindilarni qayta ishlash quvvatini ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha samaradorligini oshirishda viloyatning Qorako‘l va G‘ijduvon tumanlarida sinovdan o‘tkazilayotgan chiqindilarni saralash majmualari ham muhim o‘rin tutadi.