Yil boshidan buyon gidroelektr, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 10,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi

Bugun, 2-iyul kuni soat 14:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 6 mlrd kVt⋅soatga yetdi. Bu haqida Energetika vazirligi maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 3,8 mlrd kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 2,2 mlrd kVt⋅soat, jami 6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Eslatib oʻtamiz, 8-iyun kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 5 mlrd kVt⋅soatni tashkil qilgan edi.

2026-yil boshidan quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 1,2 mlrd kVt·soat yoki 24,3 foizga koʻp elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Buning natijasida:

  • 1,6 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilgan;

  • atmosferaga 3,4 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olingan.

Joriy yil boshidan bugun, 2-iyul kuni holatiga Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 10,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Buning natijasida esa:

  • 2,6 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilgan;

  • atmosferaga 5,7 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olingan.

Maʼlumot uchun, mazkur hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 8,2 mln xonadonning 6 oylik yoki 4,1 mln xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.