Hozirda 14 mingdan ortiq oʻgʻil-qizlarimiz AQSH, Yevropa, Yaponiya, Xitoy, Koreyaning yetakchi oliygohlarida taʼlim olmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida bunday yoshlar taʼtilda yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka oʻtashi uchun sharoit yaratilishi maʼlum qilindi.
Buning uchun bir oyda ish beruvchilar va xorijda oʻqiyotgan talabalarni bir-biri bilan bogʻlaydigan raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan har yili 700 ga yaqin oʻgʻil-qizlarimiz dunyoning top oliygohlariga yuborilmoqda.
“Biz islohotlarimizning ilk bosqichida iqtidorli yoshlarimizni asosan davlat tashkilotlarida ishlab berish sharti bilan chet elda oʻqishga yubordik.
Xususiy sektorda ham bunday kadrlarga ehtiyoj kundan-kunga ortib boryapti.
Endi yoshlarimiz xususiy sektor buyurtmasi asosida ham “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarda oʻqishi mumkin boʻladi”, dedi Prezidentimiz.