Qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlari 2 barobargacha qisqartiriladi

2026-yil 4-iyun kuni Prezidentning “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–104-son Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-sentyabrdan respublikaning barcha hududlarida mazkur Farmonda nazarda tutilgan davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi.

2026-yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “1 ta ariza – 1 toʻlov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yongʻin xavfsizligiga taʼsir qilmaydigan, quvvati va maqsadi oʻzgarmagan holda shaharsozlik normalariga zid boʻlmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da oʻzgarishlar mavjud boʻlganda:

• ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazishda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi.

Qurilish sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qoʻshimcha 5 ish kuni beriladi.

2026-yil 1-sentyabrdan qurilish obyektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish hamda qurilishi yangidan boshlanadigan quyidagi obyektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy oʻrnatish choralari koʻriladi:

• tadbirkorlar tomonidan quriladigan koʻp kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlarida;

• byudjet hisobidan quriladigan qiymati 3 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan obyektlarda.