Xitoy – Markaziy Osiyo: inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha toʻrtinchi forumi Toshkentda oʻtkaziladi

Joriy yil 14-may kuni Toshkent shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha toʻrtinchi forumi boʻlib oʻtadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Tashkilotchilar – Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamgʻarmasi (China Foundation for Human Rights Development, CFHRD) va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi.

Forumda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining inson huquqlari sohasidagi oʻzaro hamkorligining asosiy ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqiladi. Rivojlanish huquqini roʻyobga chiqarish maqsadida kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, yashil rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari rivojiga koʻmaklashuvchi raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.

Muhokamalarda Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspert, ilmiy, davlat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadi. Jami taxminan 100 nafar (40 nafar xorijiy va 60 nafar milliy) ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Toʻrtinchi forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish” mavzusiga bagʻishlanadi.

Bundan oldin birinchi forum – 2023-yil 12-sentyabrda Pekin shahrida, ikkinchi forum – 2025-yil iyun oyida qoʻshni Qozogʻistonning Ostona shahrida va uchinchi forum – 2025-yil iyul oyida Xitoyning Sian shahrida boʻlib oʻtgan.