Endilikda 086-shakldagi tibbiy maʼlumotnomani onlayn yuklab olsa boʻladi

Eski tartib boʻyicha tibbiy maʼlumotnomani olish uchun shifoxonaga qayta borish va navbatlarda turish talab etilardi. Endilikda ushbu maʼlumotnomani onlayn yuklab olish imkoniyati mavjud. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, fuqarolar “my.gov.uz” portalining “Sogʻliqni saqlash” boʻlimi orqali 086-shakldagi tayyor maʼlumotnomani onlayn yuklab olishlari mumkin boʻladi.

Bu turdagi maʼlumotnoma quyidagi toifadagi fuqarolarga taqdim etilishi belgilangan:

  • OTM, litsey va kollejlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar;

  • sportchilar va ishga kiruvchi nomzodlar;

  • sudyalik lavozimiga tayinlanadiganlar;

  • “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga yoʻllanma oluvchi keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar.

Maʼlumotnomani onlayn yuklab olish tartibi quyidagicha:

  • “my.gov.uz” portaliga kiring.

  • “Sogʻliqni saqlash” boʻlimiga oʻting.

  • “086-shakldagi tibbiy maʼlumotnomani olish” xizmatini tanlab, hujjatni yuklab oling.

Maʼlumotnoma portalda shakllanishi uchun fuqaro avval tegishli tibbiyot muassasasida shifokorlar koʻrigidan oʻtgan boʻlishi lozim. Shifokorlar xulosasi bazaga kiritilgach, hujjatni masofadan turib bepul yuklab olish mumkin.