Olimpiya shaharchasi – O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yorqin namunasi

30.04.2026 10:00 Video 1632 ipaknews.uz

Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasi mamlakatimiz sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqqan yirik loyihalardan biri hisoblanadi. Mazkur zamonaviy majmua 2022 yil 9 noyabr kuni qurilish boshlanib, qisqa vaqt ichida bunyod etildi. 

Loyiha umumiy qiymati qariyb 290 million AQSH dollarini tashkil etadi va 100 gektardan ortiq hududni egallaydi. 

Olimpiya shaharchasi qurilish ishlarini Xitoyning yirik kompaniyasi – CAMC Engineering amalga oshirdi. Ushbu kompaniya xalqaro standartlar asosida ish olib borib, dunyo bo‘ylab ko‘plab sport inshootlarini barpo etgan tajribaga ega. 

Majmua tarkibiga zamonaviy stadion, velodrom, suv sportlari saroyi, jamoaviy va yakka kurash sport turlari uchun arenalar kiritilgan. Barcha inshootlar xalqaro olimpiya talablariga mos holda qurilgan. 

Qurilish jarayonida yuqori sifatli materiallardan foydalanilib, ular xalqaro mutaxassislar tavsiyasi asosida tanlangan. Shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish mahsulotlari – mustahkam metallokonstruksiyalar, energiya tejamkor fasad panellari va innovasion izolyasiya materiallari keng qo‘llanildi. Bu esa inshootlarning chidamliligi va uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlaydi. Majmuada energiya samaradorligiga alohida e’tibor qaratilib, quyosh panellari kabi ilg‘or texnologiyalar joriy etilgan.

Eng muhimi, ushbu loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlik va do‘stlik munosabatlarining amaliy ifodasiga aylandi. Qurilish jarayonida xitoylik mutaxassislar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, mahalliy quruvchilar bilan birgalikda ish olib bordi. Bu esa kadrlar malakasini oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qildi.

Bugungi kunda Olimpiya shaharchasi nafaqat sport musobaqalari o‘tkaziladigan maydon, balki ilmiy-amaliy va o‘quv-mashg‘ulot markazi sifatida ham faoliyat yuritmoqda. 

Shu tariqa, ushbu majmua mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlar salohiyatini oshirish va xalqaro maydonda O‘zbekiston nufuzini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA