Palov indeksi: Oʻzbekistonda 1 kilogramm palov tayyorlash qanchaga tushadi?

Milliy statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston hududlarida joriy yilning mart oyi davomida 1 kilogramm palov tayyorlash uchun necha pul sarflash kerak boʻlganini maʼlum qildi. Unga koʻra, eng arzon osh Qoraqalpogʻiston Respublikasida, eng qimmati esa Toshkent shahrida tayyorlanmoqda.

Qayd etilishicha, palovning hududlar kesimida hisoblangan qiymatlari quyidagicha:

• Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 99 973 soʻm;

• Toshkent shahri – 119 989 soʻm;

• Andijon viloyati – 108 169 soʻm;

• Buxoro viloyati – 110 836 soʻm;

• Jizzax viloyati – 111 556 soʻm;

• Qashqadaryo viloyati – 113 936 soʻm;

• Navoiy viloyati – 112 911 soʻm;

• Namangan viloyati – 110 958 soʻm;

• Samarqand viloyati – 115 821 soʻm;

• Surxondaryo viloyati – 113 661 soʻm;

• Sirdaryo viloyati – 106 589 soʻm;

• Toshkent viloyati – 115 026 soʻm;

• Fargʻona viloyati – 117 627 soʻm;

• Xorazm viloyati – 109 457 soʻm.

Taʼkidlanishicha, keltirilgan qiymatlar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxi asosida hisoblangan boʻlib, ular hududlarda sotilayotgan bir kilogramm palov narxini ifodalamaydi.

Bir kilogramm palov uchun kerakli mahsulotlar:

  • kungaboqar yogʻi – 0,3 litr;
  • piyoz – 300 gramm;
  • mol goʻshti – 700 gramm;
  • sabzi – 1 kilogramm;
  • guruch – 1 kilogramm;
  • noʻxat – 100 gramm;
  • zira – 10 gramm;
  • osh tuzi – 20 gramm.