Andijon xalqaro hamkorlik maydonida

Andijon viloyati bugun 45 ta xorijiy davlat elchilari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini qabul qildi. Bu uning tashqi dunyo bilan ochiq muloqotga tayyorligi va xalqaro hamkorlikka boʻlgan intilishini yaqqol namoyon etadi. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi elchilarni Andijonda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar va investitsion muhit bilan yaqindan tanishtirishdan iborat. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

— Bugungi tashrif Andijonning salohiyatini xalqaro hamjamiyatga bevosita namoyon etish imkonini beradi, — deydi viloyat hokimligi xodimi Rustamjon Eshonov. — Viloyatimizda sanoatni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Elchilarning bevosita kelib koʻrishi esa bu jarayonlarning ochiq va shaffof ekanini koʻrsatadi, shu bilan birga, yangi investitsion hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratadi.

Delegatsiya aʼzolari tashrif davomida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari bilan tanishishi rejalashtirilgan. Bu kabi uchrashuvlar nafaqat mavjud yutuqlarni namoyish etish, balki yangi istiqbolli loyihalar uchun hamkorlar topish imkonini ham kengaytiradi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur tashrif kelgusida Andijon viloyatining jahon maydonidagi oʻrnini mustahkamlab, xalqaro aloqalar doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.