Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda Chust tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan ayol ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu fuqaro savdo sohasida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) ish yurituvchisining ishonchiga kirgan. U korxonaning 376,6 million soʻm miqdoridagi soliq qarzdorligini tizimda ishlovchi tanishlari orqali bartaraf etib berish evaziga 20 million soʻm talab qilgan. Mazkur mablagʻni olayotgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu noqonuniy ishga Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, fuqarolar shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqamiga xabar berishlari soʻraladi. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.