Oʻzbekistonlik harbiylar AQSHdagi musobaqada rekord natija bilan gʻolib boʻldi. Bu haqida Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Unda aytilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Salomov Ilhom va III-darajali serjant Avlayev Turdimurod joriy yilning 16–18-mart kunlari AQSHning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-oʻquv bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi–2026” musobaqasida ishtirok etgan.
Mazkur musobaqa xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan boʻlib, unda harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashishdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (8 ta mashqni oʻz ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zoʻriqishlarni yechishga qaratilgan majmuaviy toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam boʻlmagan soʻz), artilleriya olovini boshqarish, NATO namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, tibbiy tayyorgarlik, nomaʼlum hududga vertolyot aviatsiyasini chaqish va uning yordamida obyektga yetib borib arqon yordamida tushish hamda kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi 13 ta shartlarni muvaffaqiyatli bajardi.
Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs — 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 48 daqiqa ichida bajardi. Shuningdek, yakka tartibdagi bahslarda III-darajali serjant Avlayev Turdimurod jismoniy va ruhiy zoʻriqishlarni oʻzida jamlagan majmuaviy toʻsiqlar yoʻlagini 10 daqiqayu 34 soniyada bosib oʻtgan boʻlsa, kichik serjant Salomov Ilhom tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash shartini 59 daqiqada bajarishga muvaffaq boʻldi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi. Yakunda harbiy xizmatchilarimiz musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandilar.
“Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019-yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritib keladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Maʼlumot uchun, 22-mart kuni gʻoliblar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olinadi.